Bloomberg: O‘zbekiston investitsiya jamg‘armasi banklar bilan xalqaro IPO bo‘yicha muzokaralarni boshladi

eʼlon qilindi
UzNIF faoliyatini Franklin Templeton kompaniyasi boshqarib kelmoqda
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonning $1,68 milliardlik aktivlarni boshqarayotgan milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) London va Toshkent fond birjalarida parallel IPO o‘tkazish bo‘yicha banklar bilan muzokaralarni boshladi. Bu haqda Bloomberg manbalari xabar bermoqda.

Yil boshidan beri UzNIF faoliyatini Franklin Templeton kompaniyasi boshqarib kelmoqda. Franklin Templeton mazkur bitimda STJ Advisors konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda. Rasmiylar hozircha bu borada ochiq bayonot bermagan, ammo UzNIF xalqaro investorlarni jalb etish maqsadida London fond birjasida global depozit sertifikatlari (GDR) chiqarishni ko‘rib chiqmoqda.

Jamg‘arma faoliyati va Yaqin Sharqdagi investorlar bilan aloqa

Jamg‘arma o‘tgan yili tashkil etilgan bo‘lib, u 18 ta yirik davlat korxonalarida minoritar ulushga egalik qiladi. Ayni paytda jamg‘arma Yaqin Sharqdagi banklar bilan ham aloqa o‘rnatgan, bu esa mintaqadagi sarmoyadorlarni jalb qilish harakatining bir qismi hisoblanadi.

Bu tashabbus O‘zbekistonning davlat aktivlarini xususiylashtirish siyosatining bir bo‘lagi hisoblanadi. Xususan, dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri — «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» ham London fond birjasida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

IPO qaysi birjada bo‘lishi hali noma’lum

Qaysi kompaniya birinchi bo‘lib xalqaro bozorga chiqarilishi hali noma’lum. Franklin Templeton vakilining aytishicha, UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida va bir xalqaro birjada ro‘yxatdan o‘tkaziladi, biroq aynan qaysi birjada ekanligi hozircha aniqlashtirilmagan.

Agar tanlov London birjasiga tushsa, bu ayni damda likvidlik tanqisligidan aziyat chekayotgan London fond bozori uchun muhim yangilik bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida Londonda IPO orqali jalb qilingan mablag‘lar 200 million funt sterlingdan ($274 mln) oshmagan, bu so‘nggi 30 yildagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fitch Ratings O‘zbekiston bank sektori faoliyatini tahlil qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek