O‘zbekiston Airbus bilan uchuvchilarni tayyorlovchi dastur ishlab chiqadi

Oʻzbekistonda uchuvchilarni tayyorlash boʻyicha Airbus bilan maxsus dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda Investitsiyalar vazirligi xabar berdi.
Shu yilning 28-iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Airbus kompaniyasining Yevropa boʻyicha prezidenti Yoxan Pelissi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar Oʻzbekiston havo kemalari parkini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Bu orqali xalqaro aviaqatnovlarni koʻpaytirish va mamlakatga turistlar oqimini oshirish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, muzokaralar davomida Toshkent davlat transport universiteti va Airbus kompaniyasi oʻrtasida uchuvchilarni tayyorlashga oid maxsus dastur ishlab chiqilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Rossiya aviaqatnovlarni haftasiga mingtadan oshirishi haqida xabar bergandi.