O‘zbekistonliklar to‘rt yil oldin 40 ming so‘mga xorijga parvoz qilgan — tahlil

2021-yili o‘zbekistonliklar 40 ming so‘m evaziga Toshkent – Antaliya yo‘nalishida parvoz qilgan. Bu haqda Aviasales.uz arxiv ma’lumotlarini Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Shuningdek, 2025-yilning eng arzon chiptasi Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishida qayd etilgan — 213 ming so‘m.
Avvalgi yillarda ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan:
- 2024: Samarqand – Abu-Dabi (Wizz Air) — 455 ming so‘m;
- 2023: Samarqand – Moskva (Pobeda) — 244 ming so‘m;
- 2022: Toshkent – Dushanbe (Somon Air) — 440 ming so‘m;
- 2021: Toshkent – Antaliya — 40 ming so‘m (bonus va cashback orqali);
- 2020: Toshkent – Maldiv orollari — 571 ming so‘m.
Aviasales.uz ekspertlariga ko‘ra, bunday past narxlarga aviachiptalarni oldindan bron qilish, past mavsumlarda parvoz qilish, chegirmali reyslar, tranzitli yo‘nalishlar hamda Toshkentdan tashqari aeroportlardan (masalan, Samarqanddan) uchish kabi holatlar sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, kompaniya sayohat ixlosmandlari uchun esa arzon chiptani topishning «oltin formulasi» ham mavjud:
- chipta izlashni safardan 1–2 oy oldin boshlash;
- to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, tranzitli reyslarni ko‘rib chiqish;
- turli shaharlardan uchish narxlarini taqqoslash;
- narx tushishiga oid bildirishnomalarni yoqish;
- keshbek va bonus tizimlaridan foydalanish.
Avvalroq «Kursiv» biznes-klassga chipta bron qilgan o‘zbekistonliklar soni 36 foizga oshgani haqida yozgandi.