Qozog‘iston Yevropaga ko‘mir eksportini Rossiya orqali tikladi

Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi (YI) bilan erishilgan yangi kelishuv asosida Rossiya portlari orqali ko‘mir eksportini qayta yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda mamlakat Savdo va integratsiya vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, shu yilning fevral oyida Yevropa Ittifoqi Rossiya portlari bilan har qanday hamkorlikni cheklovchi 16-sanksiyalar paketini kuchga kiritgandi. Bu choralar Qozog‘istonning Yevropa bozoriga barqaror ko‘mir yetkazib berishiga jiddiy to‘sqinlik qilgandi. Ayniqsa, Ust-Luga porti kabi strategik tranzit punktining yopilishi eksport jarayonini deyarli to‘xtatgan.
Muammoni hal etish maqsadida Qozog‘iston hukumati Yevropa tomoni bilan faol muzokaralar olib bordi. Tashqi ishlar, Savdo va integratsiya vazirligi hamda YI huzuridagi doimiy vakolatxona ishtirokida rasmiy murojaat yuborildi.
Natijada YI tomonidan qabul qilingan 18-sanksiyalar paketi doirasida Qozog‘iston ko‘mirini Rossiya portlari orqali eksport qilishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. Biroq ushbu imkoniyat qat’iy shartlarga asoslangan:
- eksport qilinayotgan ko‘mir faqat Qozog‘istonda qazib olingan bo‘lishi kerak;
- yuk sanksiya ostidagi davlatlar rezidentlariga tegishli bo‘lmasligi lozim;
- Rossiya portlari faqat tranzit va yuk ortish nuqtasi sifatida xizmat qilishi, ya’ni bu yerda savdo yoki ishlab chiqarish faoliyati olib borilishi mumkin emas.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning UTY Cargo kompaniyasi Qirg‘izistonga ko‘mir eksport qilishda yordam berayotgani haqida yozgandi.