Qozog‘istonda yo‘qolgan harbiy vertolyotning bo‘laklari topildi – qidiruv davom etmoqda

Olmaota viloyatida yo‘qolgan harbiy vertolyot besh kundan buyon qidirilmoqda.
EC-145 rusumidagi harbiy vertolyot 25-iyul kuni «Lugovoye» aerodromidan havoga ko‘tarilgach radarlardan g‘oyib bo‘lgandi. Uning bortida uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Vertolyotning taxminiy qoldiqlari Sorbulak suv ombori hududida aniqlangan. Hozirda shu yerda izlash ishlari davom etmoqda.
Qidiruv ishlarining asosiy obyekti sifatida aynan ushbu suv ombori olingan. Chunki ayni shu yerda favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari vertolyotning ilk bo‘laklarini topgan.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu so‘nggi yillarda mamlakatda o‘tkazilayotgan eng yirik qidiruv amaliyotlaridan biri. Unda 400 ga yaqin kishilar (Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi xodimlari), 70 dan ortiq yerusti texnikasi, 21 ta suv transporti, 10 ta uchuvchisiz uchish apparati, suv osti skanerlari, exolotlar hamda xizmat itlari ishtirok etmoqda.
Sorbulak Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dagi eng yirik sun’iy oqova suv to‘plash ombori hisoblanadi. Uning ayrim joylari 22 metr chuqurlikka ega, tubi loy bilan qoplangan, suv almashinuvi deyarli yo‘q, ko‘rish imkoniyati esa nol darajada. Shu sababli suvosti guruhlari, asosan, sezgi bilan ishlamoqda.
«Mutaxassislar suv havzasi va qirg‘oq bo‘yidagi, shu jumladan, chuqur va yondashish qiyin bo‘lgan joylarni ham tekshirib chiqmoqda. Qidiruv ishlari kecha-yu kunduz, to‘xtovsiz olib borilmoqda. Operatsiyani Qozog‘iston qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, aviatsiya general-mayori Asqar Izbasov shaxsan boshqarib bormoqda. U hodisa joyida bo‘lib, barcha ishtirokchi bo‘linmalarga rahbarlik qilmoqda», – deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.
Hodisa joyida yo‘qolgan vertolyot ekipaji a’zolarining oilalari ham bor. Ularga doimiy ravishda aniq ma’lumotlar taqdim etilmoqda. 28-iyul kuni ular bilan birgalikda qidiruv hududi bo‘ylab havodan ko‘zdan kechirish amalga oshirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yaqinlari qidiruvlar to‘xtatilmaganini tasdiqlamoqda.
Mudofaa vazirligi qidiruv-qutqaruv operatsiyasi yakuniy natijalarga erishilmaguncha davom ettirilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Amur viloyatida An-24 samolyoti halokati natijasida barcha yo‘lovchilar halok bo‘lgani haqida yozgandik.