
Realme kompaniyasi tomonidan yangi Realme 15 va 15 Pro smartfonlari taqdim etildi. Bu qurilmalar o‘rta toifadagi modellarga kiradi. Smartfon birinchi bosqichda Hindiston bozori uchun mo‘ljallangan. Xo‘sh, smartfonlar haqida nimalar ma’lum?
Realme bu safar Pro+ modelini chiqarmagan. Uning o‘rnini Realme 15 Pro egalladi. Oddiy Realme 15 esa avvalgi Pro modelining vazifasini bajarmoqda.

Tashqi ko‘rinishi Realme 9 seriyasiga o‘xshaydi. Dizayn sodda, ammo chiroyli. IP69 darajasidagi suv va changdan himoya, korpusning yupqaligi va LED halqa-indikator bor.
Ikkala modelda ham 6,8 dyuymli AMOLED ekran, 1,5K aniqlik, 1800 nit yorqinlik, 144 Hz chastota va 4608 Hz PWM tizimi mavjud.
Realme 15’da Mediatek Dimensity 7300+ protsessori, Realme 15 Pro‘da esa kuchli Snapdragon 7 Gen 4 ishlatilgan.

Katta farq kamerada. Realme 15 Pro’da asosiy modul avvalgidek – Sony IMX896. Lekin periskopli telefotokamera olib tashlangan. Yangi keng burchakli 50 MP kamera bilan almashtirilgan.
Oddiy Realme 15’da esa IMX882 va 8 MP keng burchakli kamera bor. Har ikkala modelda ham 50 MP selfi kamera va 4K video yozish funksiyasi mavjud.
Yangi SI funksiyalar: video stabilizatsiyasi, shovqinni olib tashlash, kechki rejimda suratga olish va boshqa imkoniyatlar taqdim etilgan.

Akkumulyator 7000 mA/soat, 80 Vt tez zaryad, stereo ovoz, Wi-Fi 6, Bluetooth 5.4 va IK-port bor. Hindiston versiyasida NFC yo‘q. Realme 15 taxminan $280, Realme 15 Pro esa $335 ga baholanmoqda.
Yangi modellarda ayrim yangilanishlar bo‘lsa-da, muhim funksiyalar olib tashlangan. Ayniqsa, Pro modelidan periskop kameraning yo‘qolishi ko‘pchilikka yoqmagan. Shu sababli ba’zilar avvalgi Realme 14 Pro+ modelini afzal ko‘rishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Realme yangi 15 Pro va 15 smartfonlarini taqdim etgani haqida yozgan edi.