Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqladi

eʼlon qilindi
Cheklov bugun, 29-iyuldan kuchga kiradi
Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqladi. Foto: Autonews.ru

Rossiya hukumati 2025-yil 31-avgustga qadar benzin eksporti uchun to‘liq cheklovlarni joriy etdi. Ushbu cheklov barcha kompaniyalar, xususan, ishlab chiqaruvchilarga ham tegishli bo‘ladi.

Hukumat ushbu chorani ichki yonilg‘i bozorida yuqori mavsumiy talab va qishloq xo‘jalik maydonlaridagi ishlar vaqtida barqarorlikni ta’minlash maqsadida joriy etganini ma’lum qildi.

Tegishli qaror imzolangan bo‘lib, hujjatda belgilanishicha, eksportga cheklov bugun, 29-iyuldan kuchga kiradi.

TASS xabariga ko‘ra, eksportni cheklash bilan bir vaqtda benzin uchun dempfer to‘lovlari nolga tushadigan chegara narxini oshirish ham ko‘rib chiqilmoqda. Hozirda agar benzinning o‘rtacha oylik birja narxi Soliq kodeksida ko‘rsatilgan chegara narxidan 10 foizga, dizel yonilg‘isi esa 20 foizga oshsa, dempfer to‘lovlari bekor qilinadi. Iyul boshida moliya vaziri o‘rinbosari Aleksey Sazanov vazirlik benzin uchun bu chegara farqini 15 foizgacha, dizel uchun esa 25 foizgacha oshirishni taklif qilayotganini aytgandi.

Hujjatda aniqlik kiritilishicha, cheklovlar indikativ balanslarda nazarda tutilgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) mamlakatlariga yetkazib berishga taalluqli emas. Qirg‘izistonda 1,2 mln tonna benzin va dizel yonilg‘isi uchun bojsiz kvota mavjud. Mamlakat yonilg‘i-moylash materiallariga bo‘lgan ehtiyojning katta qismini Rossiyadan import qilish orqali qoplaydi.

Avvalroq O‘zbekistonda sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatilishi haqida yozgandik.

Shuningdek