Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlanadi

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov 2025-yil oxirigacha patent asosida ishlayotgan muhojirlarga taksi haydashni taqiqladi. Bu haqda «RBK» nashri xabar berdi.
Bunda ish beruvchilarga uch oy vaqt beriladi. Shu davr ichida ular hozir ishlayotgan muhojir haydovchilar bilan amaldagi mehnat munosabatlarini yakunlashi va o‘rniga yangi haydovchilarni (Rossiya fuqarolarini) ishga qabul qilishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, bu qaror taksi xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qabul qilingan. Mahalliy hukumat 2025-yil davomida ushbu chora-tadbirning shaharning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ta’sirini baholamoqchi. Bundan tashqari, 2026-yilda uni davom ettirish yoki yo‘qligi bo‘yicha qaror qabul qiladi. Qaror e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida kuchga kiradi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan Rossiyada rus tilini bilmagan migrantlarga haydovchi va shifokorlik qilish taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandi.