Toshkent aeroporti yaqinidagi ko‘prik ta’miriga 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi

eʼlon qilindi
Ko‘prikdan sutkasiga 132 ming avtomobil o‘tadi
Foto: «Ko‘prikqurilish»

Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidan o‘tuvchi Bobur ko‘chasidagi ko‘prik kapital ta’miriga 511 milliard so‘m sarflangan. Bu haqda «Ko‘prikqurilish» rahbari Bobur Elmurodov «O‘zbekiston bunyodkori» gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, yangilangan ko‘prik bir soat ichida 5 ming, sutkasiga esa 132 ming avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Ko‘prikning umumiy uzunligi 693,5 metr, eni esa 62 metrni tashkil qiladi. Uning tarkibida 4 tasmali harakat qismi, piyodalar va velosiped yo‘laklari ham mavjud. Piyodalar yo‘lagi 15 metr, velosiped yo‘lagi esa 13 metr kenglikda bo‘lib, foydalanuvchilarga bemalol harakatlanish imkonini yaratadi.

E’tiborlisi, ko‘prik 42 metrlik yig‘ma monolit to‘sinlar asosida barpo etilgan bo‘lib, bu texnologiya ilk bor O‘zbekistonda qo‘llanilmoqda. Ko‘prikka o‘rnatilgan to‘siqlar 360 daraja aylanadigan tizim asosida ishlab chiqilgan va avariya holatlarida transportga kamroq zarar yetishini ta’minlaydi.

Shuningdek, rekonstruksiya doirasida yana 4 ta qo‘shimcha tushish yo‘llari (syezd) va 2 ta klever shaklidagi harakat yo‘li ham barpo etiladi. Bular ham monolit uslubda quriladi.

Ma’lumot uchun, mazkur yo‘l o‘tkazgich ilk bor 1967-yilda qurilgan, oxirgi bor esa 2008-yilda qayta ta’mirdan chiqarilgandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda 231 ta ko‘prikni qurish hamda ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek