«Toshkent» fond birjasi yarim yilda 11,2 mlrd so‘m sof foyda oldi

2025-yilning birinchi yarim yil yakunlariga ko‘ra, «Toshkent» respublika fond birjasining sof foydasi 11,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu haqda birja hisobotida ma’lum qilindi.
Bunday yuqori moliyaviy natijalarning keskin yaxshilanishiga fond birjasining umumiy tushumi 4,4 mlrddan 18,6 mlrd so‘mgacha oshishi, ya’ni yillik 320 foizga o‘sgani sabab bo‘ldi.
Qimmatli qog‘ozlar savdosining umumiy hajmi 12,02 trln so‘mni ($933,3 mln) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 17 baravarga oshgan. Hisobot davrida jami 214 851 ta bitim tuzildi, ularning 85 foizi birja kotirovka varagʻiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar orqali amalga oshirildi. O‘rtacha kunlik savdo hajmi 97,7 milliard so‘mni ($7,59 millionni) tashkil etdi.
Bundan oldin Kursiv Uzbekistan o‘tgan hafta davomida birja savdolarida qimmatlashgan va arzonlashgan aksiyalar haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, «Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 9,26 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalari (+8,78%) va «Aloqabank»ning (+7,87%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari 7,85 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. «O‘zbektelekom» (-6,93%) va «O‘zRTXB» aksiyalari (-4,71%) ham pasayish bilan ajralib turdi.