Uzbekistan Airways olti oyda sof foydasini 45 foizga oshirdi

Shu yilning yanvar–iyun oylarida Uzbekistan Airways’ning sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 45 foizga oshib, qariyb 390 milliard so‘mga yaqinlashdi. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotlarida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, aviachiptalar va qo‘shimcha xizmatlardan tushgan tushum 8,71 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,6 foizga ko‘proqdir. Shu bilan birga, xizmatlar tannarxi 11,4 foizga oshib, 7,64 trillion so‘mni tashkil qilgan. Natijada, yalpi foyda 1,07 trillion so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich 43,3 foizga o‘sdi.
Yil boshidan buyon operatsion xarajatlar 505 milliard so‘mni tashkil etdi. Ayniqsa, boshqaruv xarajatlarida 60 foizdan ortiq o‘sish kuzatilgan.
Kompaniya o‘zining asosiy faoliyatidan 754,5 milliard so‘m daromad ko‘rdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 43 foiz yuqori. Shuningdek, moliyaviy faoliyatdan tushgan daromadlar ham 39,3 foizga oshib, 479,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Valyuta kursi farqidan olingan foyda 425 milliard so‘mga yetgan.
Shunga qaramay, kompaniya valyuta kursining o‘zgarishi natijasida 549 milliard so‘mlik zarar ko‘rdi. Bu boshqa moliyaviy yo‘qotishlar bilan birgalikda umumiy moliyaviy xarajatlarni 772 milliard so‘mga yetkazgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Uzbekistan Airways foydasi I chorakda 19 foizga kamaygani haqida yozgandi.