
2026-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionati guruh bosqichining qur’a tashlash marosimi joriy yil 5-dekabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida oʻtkaziladi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Dastlab bu marosimga Kanada va Meksikadagi bir nechta shaharlar ham nomzod sifatida koʻrib chiqilgan. Biroq turnir tashkiliy qoʻmitasi yakunda Las-Vegasni tanladi.
Bu safargi marosim dunyodagi eng zamonaviy sport majmualaridan biri «Sphere» arenasida oʻtkazilishi kutilmoqda. Ushbu inshoot 17,5 ming tomoshabinga moʻljallangan boʻlib, 50 ming kvadrat metr maydonni egallagan ulkan LED-ekran bilan jihozlangan.
Ma’lumot oʻrnida, 2026-yilgi Jahon chempionati tarixda ilk marta bir vaqtning oʻzida uchta davlat — AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida oʻtkaziladi. Musobaqada umumiy hisobda 48 ta terma jamoa ishtirok etadi, bu esa turnir tarixidagi eng katta koʻrsatkich hisoblanadi.
Avvalroq Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani haqida yozgandik. Jamoa 2026-yilgi mundialda ishtirok etadi.