
Dukkakli ekin ekish-yig‘ish texnikalariga 15 foizgacha subsidiya beriladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston har yili $450 millionlik loviya, mosh, tariq va no‘xat kabi dukkakli mahsulotlarni eksport qilmoqda. Ammo ushbu ekinlar paxta bilan bir vaqtda yetilishi va ishchi kuchi yetishmovchiligi sabab hosilning 30 foizi isrof bo‘lmoqda.
Prezident yig‘ilishda bu boradagi hisob-kitoblarning yetarlicha olib borilmagani va hatto hosilning o‘zidan yiliga $150 – 200 million eksport yo‘qotilayotganini tanqid qildi.
Jahon tajribasida dukkakli ekinlar maxsus kombaynlar yordamida yig‘iladi. Shu bois dukkakli mahsulotlarni ekish-yig‘ish texnikalarini xarid qilish qo‘llab-quvvatlanadi. Bu maqsadda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali 15 foizgacha subsidiya ajratiladi. Shuningdek, kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi ham davlat tomonidan qoplab beriladi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish va yil yakunigacha 200 ta texnikani olib kelish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda dukkakli mahsulotlar yetishmovchiligi bois tadbirkorlar ularni chetdan import qilib, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda. Ammo amaldagi tartibga ko‘ra, mahsulot qaysi chegara postidan olib kirilgan bo‘lsa, aynan o‘sha joydan chiqarilishi kerak.
Shu sababli, eksportchilar ortiqcha logistika xarajatlariga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasiga qayta ishlangan mahsulotlarni respublikaning istalgan bojxona postidan eksport qilish imkonini beruvchi yangi tizimni joriy etish topshirildi.
Bundan oldin Shavkat Mirziyoyev har qanday ob-havo sharoitiga mos ekinlar ekish zarurligini ta’kidlagandi.