Eksportchi va issiqxonachilar bilan ishlash bo‘yicha shtab tashkil etiladi

Eksportchi va issiqxonachilar bilan ishlash bo‘yicha shtab tashkil etiladi. Bu haqda prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, hukumatga yangi shtab tashkil etish topshirildi. Ushbu shtab eksportchi, issiqxonachi va boshqa meva-sabzavot yetishtiruvchilar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, hozirgacha 200 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani katta samaradorlik bergani ta’kidlandi. Natijada 420 million kub metr suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 65 ming gektarda meva va sabzavot yetishtirish imkoniyati yaratilgan.
Bu ishlar uchun o‘tgan yili 2,6 trillion so‘m, joriy yilda esa 1,2 trillion so‘m sarflangan. Yil yakunigacha yana 10 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish belgilandi. Shuningdek, 200 ming gektar yer maydonini lazer yordamida tekislash uchun mingta texnika xarid qilish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga joriy yil uchun zarur mablag‘larning moliyaviy manbasini hal qilish topshirildi. Shuningdek, kelgusi yil dasturi uchun esa ikki trillion so‘mlik resurs shakllantirishi belgilandi.
Bundan tashqari, endi issiqxonalar, toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlariga belgilangan stavkada to‘laydi. 2028-yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan bir foizga tushiriladi.
Soliq qo‘mitasiga butun tizimi, tahliliy va ilmiy markazlarni safarbar etib, issiqxonalardan qisqartirilgan gaz qaysi sohalarga yo‘naltirilganini, ularning samaradorligini o‘rganish topshirildi. Agar gaz berilgan boshqa sohalarda yaratilgan qo‘shilgan qiymat past bo‘lsa, ushbu gaz resurslarini issiqxonalarga yo‘naltirish belgilandi.
Shuningdek, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni tubdan hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Bundan avval tabiiy gazdan muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytirilishi haqida yozgandik.