
Twitter (hozirgi X) asoschilaridan biri Jek Dorsi tomonidan Bluetooth orqali ishlovchi yangi Bitchat ilovasi ishga tushirildi. Uni App Store’dan yuklash mumkin.
Ilova internet, telefon raqami yoki elektron pochta talab qilmaydi. Foydalanuvchilar o‘zaro bevosita Bluetooth orqali bog‘lanadi. Bitchat ochiq kodli platforma bo‘lib, maxfiylikka alohida e’tibor qaratilgan. Ilova serverlarga, akkauntlarga yoki foydalanuvchi ma’lumotlariga ehtiyoj sezmaydi.
Ilovani ishga tushirganingizda sizga tasodifiy laqab beriladi. Boshqa foydalanuvchilar bilan aloqa o‘rnatish uchun ularning sizga yaqin joyda bo‘lishi kifoya.
Muloqot to‘liq shaxsiy va shifrlangan. «Panik rejimi» funksiyasi orqali faqat uch marta bosish bilan barcha ma’lumotlarni tezda o‘chirish mumkin.
Hozircha ilova faqat iOS qurilmalari uchun mavjud. Foydalanuvchilar 2 MB hajmdagi ilovani yengilligi va qulayligi uchun maqtamoqda. Ayniqsa, samolyotda, metroda yoki internet sifati past bo‘lgan joylarda ayni muddao.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jek Dorsi internetsiz ishlaydigan Bitchat messenjerini yaratishi haqida yozgan edi.