
Stellantis avtomobil korporatsiyasi 2025-yilning birinchi yarmida 2,3 milliard yevro miqdorida sof zarar koʻrganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotiga tayanib, NBC News xabar berdi. Oʻtgan yilning shu davrida kompaniya 5,6 mlrd yevro daromad olgan.
Jeep, Dodge va Fiat kabi yirik brendlar egasi hisoblangan Stellantis kompaniyasining umumiy daromadi yilning birinchi olti oyida 13 foizga kamayib, 74,3 milliard yevroni ($85,4 milliard) tashkil etdi. Kompaniya zarariga AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining savdo siyosati muhim ta’sir koʻrsatgani qayd etilgan.
Stellantis rahbariyatining hisob-kitoblariga koʻra, boj toʻlovlari tufayli yil oxiriga qadar korporatsiya 1,5 milliard yevro ($1,7 milliard) miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri moliyaviy yoʻqotishga duch keladi.
Asosiy muammo Meksika va Kanadadan import qilinadigan avtomobil ehtiyot qismlariga qoʻyilgan bojlar bilan bogʻliq. Aynan shu jihatlar kompaniyaning Shimoliy Amerikadagi ishlab chiqarish zanjirlariga salbiy ta’sir oʻtkazdi.
Shunga qaramay, kompaniya joriy yilning ikkinchi yarmida moliyaviy koʻrsatkichlar tiklanishiga umid bildirmoqda. Hozirda rahbariyat Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar olib bormoqda. Ular import shartlarini yumshatish va ehtiyot qismlar boʻyicha yanada qulay rejimga erishishga umid qilmoqda. Stellantis ta’kidlashicha, kompaniya ishlab chiqarayotgan koʻplab modellar tarkibida AQShda ishlab chiqarilgan komponentlar qoʻllaniladi.
Hisobot e’lon qilinganidan soʻng Stellantis aksiyalari bir necha daqiqa ichida uch foizga pasaydi, biroq keyinroq qisman tiklandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp bojlari General Motors’ga qimmatga tushgani, kompaniya uch oyda milliardlab zarar ko‘rgani haqida yozgandi.