Kamchatkada 8,7 magnitudali zilzila yuz berdi

Rossiyaning Kamchatka yarimoroli yaqinida sodir bo‘lgan 8,7 magnitudali zilzila ortidan sunami yuzaga keldi. Bu 1952-yildan beri kuzatilgan eng kuchli zilzila bo‘ldi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.
Zilzila tafsilotlari
Bugun, 30-iyul kuni Kamchatkada mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 07:00) kuchli zilzila qayd etildi. Dastlab zilzila 7,1 magnitudali deb baholandi. Biroq Rossiya Fanlar akademiyasining Yagona geofizika xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim manbalarda magnituda 8,7 ga yetgan.
Zilzila epitsentri Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 149 km janubi-sharqda, 17 km chuqurlikda joylashgan. Yer silkinishi 7-8 ballik kuch bilan sezilgan. Uzoq davom etgan tebranishlar ortidan magnitudasi 5,1-5,8 oralig‘ida bo‘lgan takroriy zilzilalar ham kuzatildi.
Kamchatka yaqinidagi Avacha qo‘ltig‘i bo‘yidagi hududlarda sunami xavfi e’lon qilindi. 3-4 metr balandlikdagi to‘lqinlar Yelizovo tumanidagi Vodopadnaya meteorologik stansiyasi hududida qayd etildi. Xavfli hududlarda yashovchi aholi tepaliklarga evakuatsiya qilindi.
Kamchatka sohillarida bir soat ichida magnitudasi 5 dan yuqori bo‘lgan 8 ta zilzila sodir bo‘ldi. Olis epitsentrli silkinishlar 7 km dan 100 km gacha bo‘lgan chuqurliklarda sodir bo‘lgan.
Mutaxassislar bir oy davomida magnitudasi 7,5 gacha bo‘lgan Yer silkinishlari davom etishini taxmin qilmoqda.
Zilzila oqibatlari
Zilzila oqibatida bir necha fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Petropavlovsk-Kamchatskiydagi 15-sonli bolalar bog‘chasida devor qulab tushgan, ammo jabrlanganlar yo‘q.
Sunami sababli Saxalin viloyatidagi Shimoliy Kuril porti va ayrim baliqchilik korxonalari suv ostida qolgan.
Internet aloqasida qisqa uzilishlar yuz berdi, biroq tez orada tiklandi. Davlat muassasalari ish kuni mahalliy vaqt bilan 13:00 ga qadar qisqartirildi. Tez yordam chaqiriqlari soni oshdi. 1-sonli bolalar poliklinikasi vaqtincha yopildi va texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Rasmiy munosabat
Aholi yashovchi uy-joylarda xavfli darajadagi yoriqlar aniqlansa, mahalliy hokimiyat vaqtincha xavfsiz joylarga joylashtirishni va’da qilgan. Viloyatda favqulodda shtab faoliyat yuritmoqda, aholi uchun issiq liniya ishga tushirilgan. Saxalin viloyati rasmiylari Shimoliy Kurillarda yuzaga kelgan zararlarni bartaraf etish uchun zahira resurslarini safarbar qildi.
Zilzilaning AQSh va Yaponiyaga ta’siri
Yaponiyaning shimoliy qismiga taxminan 30 santimetr balandlikdagi sunami yetib keldi. Mamlakat mudofaa kuchlari Tinch okeani akvatoriyasi ustidagi vaziyatni kuzatish uchun patrullik samolyotlari va vertolyotlarni safarbar etdi.
Tokyo Electric Power kompaniyasi mutaxassislari «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidan tozalangan suvni chiqarishni vaqtincha to‘xtatdi. Yaponiyaning markaziy qismi va shimoli-sharqida «Sinkansen» tezyurar poyezdlari harakati to‘xtatib qo‘yildi.
Shuningdek, Yaponiya hududida zarar yetgan yoki jabrlanganlar borligi haqida ma’lumot hozircha mavjud emas.
AQShning Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi sunami xavfini e’lon qildi. Oahu oroli hokimiyati qirg‘oq bo‘yi hududlarida yashovchi aholini darhol evakuatsiya qilishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada 5,8 magnitudali zilzila yuz bergani haqida yozgandi.