O‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullajonovda doping aniqlandi

O‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullajonovning doping sinovida taqiqlangan modda aniqlangani Xalqaro test agentligi (ITA) tomonidan ma’lum qilindi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, 2025-yil 11-iyun kuni o‘tkazilgan doping nazorati chog‘ida sportchidan olingan namunada metasteron moddasining izlari topilgan. Mazkur modda Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan anabolik steroidlar toifasiga kiradi. U sun’iy yo‘l bilan tayyorlanadigan gormon bo‘lib, mushak massasini oshirish, kuch va chidamlilikni ko‘paytirish xususiyatiga ega.
Xalqaro test agentligi Mullajonovni ushbu holat yuzasidan rasmiy ravishda ogohlantirgan. Sportchining endilikda «B namunasi»ni tahlilga topshirish huquqi mavjud. Agar «B namunasi» ham ijobiy natijani tasdiqlasa yoki sportchi tekshiruvdan bosh tortsa, holat antidoping qoidalarini buzish sifatida baholanadi va unga nisbatan musobaqalardan chetlashtirish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Mullajonov og‘ir vazn toifasida (+92 kg) ringga chiqadi. U Osiyo o‘yinlari va Parij Olimpiadasi chempioni bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ulug‘bek Rashitov antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilib, ikki yilga musobaqalardan chetlatilgani haqida xabar bergan edi.