Tabiiy gazdan muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytiriladi

Tabiiy gazdan ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytiriladi. Bu haqda prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bugungi kunda respublikada 5,1 ming gektar issiqxonalar mavjud. So‘nggi yetti yilda ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnagacha oshdi.
Shunga qaramay, tadbirkorlar kredit yuki, o‘g‘it narxining qimmatligi va gaz ta’minotidagi uzilishlar sabab muammolarga duch kelmoqda. Masalan, 600 gektardan ortiq issiqxonalar faoliyatini to‘xtatgan. 128 gektar maydon esa qarzdorlik sabab bank balansiga o‘tgan.
Shu boisdan issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi choralar belgilanmoqda:
- Issiqlik nasoslari texnologiyasida ishlovchi issiqxonalar tashkil etgan tadbirkorlarga xarajatlarning 20 foizgacha qismi qoplab beriladi. Agar bu ishlar kredit hisobidan amalga oshirilsa, kredit stavkasining to‘rt foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
- Iqtisodiy jihatdan eksport majburiyatini olgan va tabiiy gazda ishlayotgan issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda yetkazib beriladi.
- Ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimida ishlayotgan, ammo eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga tabiiy gazga qaytish imkoni yaratiladi.
- Aylanma mablag‘ yetarliligini ta’minlash uchun oldindan to‘lov oktabr – mart oylariga 50% qilib belgilanadi. Buning uchun issiqxonalar 1-oktabrgacha gaz ta’minoti korxonalari bilan shartnoma tuzadi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda bugungi kunda yangi bog‘larni barpo qilish va eskilarini yangilash uchun 350 million dona virusdan xoli, serhosil va eksportbop meva ko‘chatlariga ehtiyoj borligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda respublika bo‘yicha 16 ta tumanida «Agrostar» kompaniyalari tashkil qilindi. Bu korxonalar avvalo zamonaviy ko‘chat, urug‘ va o‘g‘it yetishtirishdan ish boshlashi kerakligi qayd etildi.
Mas’ullarga ushbu kompaniyalar uchun zamonaviy in-vitro laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi. Shuningdek, 16 ta tumanning har birida ko‘chatlarni saqlash, qadoqlash, saralash va qayta ishlashni o‘z ichiga olgan zamonaviy agromajmualarni ishga tushirish vazifasi berildi.
Avvalroq dukkakli ekin ekish-yig‘ish texnikalariga 15 foizgacha subsidiya berilishi haqida yozgandik.
Shuningdek, kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi ham davlat tomonidan qoplab beriladi.