NASA Firefly Aerospace bilan $176,7 millionlik shartnoma imzoladi

NASA Firefly Aerospace kompaniyasi bilan $176,7 mlnlik shartnoma imzoladi. Bu haqda NASA’ning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 2029-yilda Oyga ikki rover va uchta ilmiy uskuna yetkaziladi. Bu Firefly’ning to‘rtinchi Oy missiyasi bo‘lib, CLPS dasturi doirasidagi eng yirigi sanaladi.
Missiya doirasida kompaniya Blue Ghost qo‘nuvchisi va Elytra Dark orbital moduli orqali Oy janubiy qutbiga beshta ilmiy yuk jo‘natadi. Ular orasida AQSh va Kanada tomonidan ishlab chiqilgan roverlar ham bor. Qurilmalar Oy tuprog‘ini o‘rganish, foydali qazilmalarni aniqlash va kelajakdagi astronavtlar uchun zarur texnologiyalarni sinashga xizmat qiladi.
Elytra Dark apparati missiyadan so‘ng ham Oy orbitasida qolib, besh yil davomida aloqa va ma’lumot uzatishni ta’minlaydi. Bu hamkorlik NASAning Oyda barqaror faoliyat yuritish hamda Marsga yo‘l olish rejalari uchun muhim qadamdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA suyuq yonilg‘ini saqlash uchun yangi sovitish tizimini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edik.