O‘zbekistonda yangi Suv kodeksi qabul qilindi

2025-yil 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining yangi Suv kodeksi tasdiqlandi. U suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish va boshqarish tartibini belgilaydi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Kodeksga ko‘ra, suv umumxalq boyligi hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Suvdan foydalanish ikki turga bo‘linadi: umumiy (ichimlik, cho‘milish, chorva sug‘orish, baliq ovlash) va maxsus (sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi uchun) foydalanish. Umumiy foydalanish ruxsatsiz, maxsus foydalanish esa ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Yangi hujjat suv obyektlaridan vaqtinchalik yoki doimiy foydalanish tartibini, shuningdek, suv servituti – suvdan o‘tish, foydalanish va chorva haydash huquqlarini ham belgilab beradi.
Suv olish tartibini buzgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi. Qoidabuzarlik takrorlansa, jarimalar besh barobargacha oshiriladi. Qonun rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eksportchi va issiqxonachilar bilan ishlash bo‘yicha shtab tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.