O‘zRTXBda oltin va kumush savdosi ikki baravar oshdi

Shu yilning dastlabki olti oyida «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» (O‘zRTXB) orqali sotilgan qimmatbaho metallarning sotuvi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki baravar oshgan. Bu haqda birja matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Birja faoliyatining yarim yillik yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida birja savdolarida xususiy sektor subyektlari tomonidan mingdan ortiq turdagi mahsulotlar sotilgani keltirib o‘tildi.
Shuningdek, yanvar – iyun oylarida birja savdolarida umumiy qiymati 3 trln so‘mdan ziyod 2,6 tonna qimmatbaho metallar sotuvi amalga oshirilgan.
Savdolarda qiymati 3 trln so‘mlik 2,4 tonna oltin, 2,2 mlrd so‘mlik 0,15 tonna kumushning sotuvi amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida O‘zRTXBda oltin bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi 1 gramm uchun 1,12 mln so‘mdan 1,36 mln so‘mga yoki 21,2 foizga oshgan.
Ma’lumot uchun, birinchi yarim yillikda O‘zbekiston $6,6 milliardlik oltin eksport qildi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 57,2 foizga oshgan.