Yangiliklar

Pedagoglarning malaka testlariga ro‘yxatdan o‘tishi 1-avgustdan boshlanadi

Arizalar 2025-yil 1-oktabrga qadar qabul qilinadi (shu kun ham kiradi)
Pedagoglar malaka testlari uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi / Foto: Education week

2025-yilning 1-avgustidan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglar malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Test sinovlari joriy yilning avgust – dekabr oylarida o‘tkaziladi. Ularda qatnashish uchun arizalar 2025-yil 1-oktabrga qadar qabul qilinadi (shu kun ham kiradi). Ro‘yxatdan o‘tish quyidagi yo‘llar orqali amalga oshiriladi:

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy pedagog.uzedu.uz platformasi orqali;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz;
  • Davlat xizmatlari markazlari orqali.

Ushbu test sinovlari pedagoglarning malaka toifasini aniqlash bilan birga, ularning oylik ustama olish huquqini belgilaydi. Bundan tashqari, bu sinovlar «Yil o‘qituvchisi» tanlovining birinchi bosqichi – saralash jarayoni sifatida ham hisobga olinadi.

Eslatib o‘tamiz, yangi o‘quv yilidan pedagogika yo‘nalishida sirtqi ta’limga qabul bo‘lmaydi.