
Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida har qanday ob-havo sharoitiga mos ekinlar ekish zarurligini ta’kidladi.
Davlat rahbari xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib borayotgani, yildan-yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, «anomal issiq» va «anomal sovuq» degan tushunchalar odatiy holga aylanganiga e’tibor qaratdi.
Bunday qaltis sharoitda har bir eksport bozori mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega ekani, zarur bo‘lsa, bu yo‘nalish iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralishi lozimligi qayd etildi.
Shu bois soha mas’ullari va hokimlarga ob-havoni bahona qilmasdan, mavjud sharoitga moslashish, issiq va sovuqqa, suv tanqisligiga chidamli mahsulotlar yetishtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan olti oyda oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 44 foizga oshib, $1,3 milliardni tashkil etdi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga kengaydi.
Shunga qaramay Surxondaryo, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti sur’ati bo‘yicha boshqa hududlardan ortda qolmoqda.
Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham yetolmadi. Mazkur hududlar va ularga Hukumatdan biriktirilgan vakillar bu boradagi ishlarni faollashtirishi zarurligi ta’kidlandi.
Bundan avval O‘zbekiston va Xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (ICARDA) o‘simlik genetikasi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirayotgani haqida yozgandik.