Terrorchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgan andijonlik fuqaro 8,5 yilga qamaldi

Andijonda yashovchi fuqaro xalqaro terrorchilik tashkilotlari ta’siriga tushib, ularning g‘oyalarini targ‘ib qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
1997-yilda tug‘ilgan fuqaro 2023-yildan boshlab «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkilotining ekstremistik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, «jihod» va «shahidlik»ni targ‘ib qiluvchi materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. U tashkilot a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, qurolli to‘qnashuvlarda qatnashishni rejalashtirgan.
Shuningdek, u 2023 – 2024-yillar davomida kriptovalyuta va bank kartalari orqali 2912 AQSh dollari va 4 mln 190 ming so‘m mablag‘ni ushbu tashkilotga yuborgan.
U ikki marotaba Turkiyaga borgan, keyinchalik Eron orqali Afg‘onistonga o‘tib, yana bir terrorchilik tashkiloti – «Islom jihodi ittihodi» safiga qo‘shilishni rejalashtirgan. Biroq bu harakati amalga oshmay, 2024-yil noyabr oyida qo‘lga olingan.
Sud tomonidan u Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qashqadaryolik erkak terrorizmda ayblanib, 16 yilga qamalgan edi.