Terrorchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgan andijonlik fuqaro 8,5 yilga qamaldi

eʼlon qilindi
Moddiy qo‘llab-quvvatlagan ham
Terrorchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgan andijonlik fuqaro 8,5 yilga qamaldi / Foto: DXX

Andijonda yashovchi fuqaro xalqaro terrorchilik tashkilotlari ta’siriga tushib, ularning g‘oyalarini targ‘ib qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.

1997-yilda tug‘ilgan fuqaro 2023-yildan boshlab «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkilotining ekstremistik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, «jihod» va «shahidlik»ni targ‘ib qiluvchi materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. U tashkilot a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, qurolli to‘qnashuvlarda qatnashishni rejalashtirgan.

Shuningdek, u 2023 – 2024-yillar davomida kriptovalyuta va bank kartalari orqali 2912 AQSh dollari va 4 mln 190 ming so‘m mablag‘ni ushbu tashkilotga yuborgan.

U ikki marotaba Turkiyaga borgan, keyinchalik Eron orqali Afg‘onistonga o‘tib, yana bir terrorchilik tashkiloti – «Islom jihodi ittihodi» safiga qo‘shilishni rejalashtirgan. Biroq bu harakati amalga oshmay, 2024-yil noyabr oyida qo‘lga olingan.

Sud tomonidan u Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qashqadaryolik erkak terrorizmda ayblanib, 16 yilga qamalgan edi.

Shuningdek