
UFC rasmiy xabariga ko‘ra, 26-iyul kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC on ABC 9 turniri natijalariga asoslangan yangi reyting e’lon qilindi. Unda o‘zbekistonlik jangchi Bogdan Guskov yarim og‘ir vazn toifasida ilk bor kuchli o‘nlikdan joy oldi.
Guskov musobaqaning ilk raundidayoq rossiyalik Nikita Krilovni texnik nokaut bilan mag‘lub etib, uch pog‘ona yuqoriladi va 10-o‘ringa ko‘tarildi. Shu bilan birga, mag‘lubiyatga uchragan Krilov reytingda ikki pog‘onaga pastlab, 12-o‘rinni egalladi.
Turnirning yana bir markaziy jangida niderlandiyalik Renye de Ridder o‘rta vazn toifasida avstraliyalik Robert Uittakerni hakamlar qarori bilan mag‘lub etdi. Bu g‘alaba de Ridderga sakkiz pog‘ona yuqorilash imkonini berib, 5-o‘rindan joy oldi. Uittaker esa 7-o‘ringa tushdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Oq uyda UFC turniri o‘tkazilishini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.