Xitoy sun’iy intellektni nazorat qilish bo‘yicha global tashabbus bilan chiqdi

Shanxayda bo‘lib o‘tgan Jahon sun’iy intellekt konferensiyasida Xitoy bosh vaziri Li Syan sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha xalqaro qoidalarni ishlab chiqishni taklif etdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Uning aytishicha, dunyoda bu sohada yondashuvlar farqli va yagona tizim zarur. Mazkur bayonot AQSh o‘zining SI sohasidagi ustunligini mustahkamlashga qaratilgan rejani e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay yangradi. Xitoy vakili SI texnologiyalarining faqat ayrim davlatlar qo‘lida qolmasligi kerakligini ta’kidladi.
Hozirda Xitoyda 5 mingdan ortiq SI kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, 2025-yilda bu sohadagi davlat sarmoyalari $56 mlrdga yetishi kutilmoqda. DeepSeek R1 va Kimi K2 kabi mahalliy modellar global raqobatchilar bilan tenglashmoqda.
Xalqaro hamjamiyat SI tahdidlariga qarshi qat’iy nazorat va hamkorlikka chaqirmoqda. Google sobiq rahbari Erik Shmidt esa AQSh va Xitoyni SI ustidan inson nazoratini saqlab qolishga undadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink’dagi nosozlik 65 mingdan ortiq foydalanuvchini internetsiz qoldirgan edi.