Yangiliklar

Xitoy va AQSh tariflar bo‘yicha kelisha olmadi

TikTok masalasi esa ko‘tarilmadi
Xitoy va AQSh tariflar bo‘yicha kelisha olmadi / Foto: Global Times

Xitoy va AQSh o‘rtasida Stokgolmda o‘tgan ikki kunlik savdo muzokaralari yakuniga yetdi. Tomonlar 12-avgustdan kuchayishi kutilayotgan bojxona tariflarini oldini olish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi, deya xabar bermoqda CNN.

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent va savdo vakili Jeymison Grir muzokaralarni «konstruktiv» deb baholab, Tramp yakuniy qarorni yaqin kunlarda qabul qilishini bildirdi. Xitoy ham tarif tanaffusini uzaytirish tarafdori ekanini ma’lum qildi.

May oyidagi vaqtinchalik kelishuvga ko‘ra, Xitoy AQSh mahsulotlariga tarifni 125% dan 10% gacha, AQSh esa Xitoy mahsulotlariga 145% dan 30% gacha tushirgandi. Kelishuv yangilanmasa, bu raqamlar yana oshishi mumkin.

Shuningdek, muzokaralarda Xitoyning Rossiyadan sanksiyalangan neft xaridi, kamyob yer metallariga bo‘lgan cheklovlar va texnologik mahsulotlar savdosi muhokama qilindi. TikTok masalasi esa ko‘tarilmadi. Tomonlar kelishuvga hali erishmagan bo‘lsa-da, muloqot davom etishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy jihatdan yaqinlashayotgani haqida yozgan edik.