Yangiliklar

Yandex qidiruvi endi o‘zbek tilida va sun’iy intellekt yordamida ishlaydi

11,6 milliondan ortiq matnga o‘zbek tilida kirish imkoniga ega
Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex kompaniyasi O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun sun’iy intellektga asoslangan yangilangan qidiruv tizimini taqdim etdi. Endi Yandex Search o‘zbek tilida o‘qitilgan neyron tarmoqlarga tayanib ishlaydi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.

Bu tizim foydalanuvchilarga o‘zbek tilida berilgan so‘rovlarni yanada aniqroq tushunish, internetdagi kontentni tezda topish va sifatli tarjima qilish imkonini beradi.

Foto: Yandex Uzbekistan

Yangi tizimning eng muhim yangiligi — foydalanuvchi bergan savollarga qisqa, mazmunli va aniq javoblarni sun’iy intellekt yordamida shakllantirishi va ularni real vaqt rejimida chat orqali taqdim etishidir. Xizmat foydalanuvchining savoliga tayyor javobni qidiruv natijalarining yuqorisida chiqaradi. Savol noto‘liq yoki umumiy bo‘lsa, tizim uni aniqlashtirish uchun qo‘shimcha savollarni ham taklif qiladi.

Endilikda rus va ingliz tilidagi kontent ham milliy kontekstni hisobga olgan holda o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. Shu tarzda foydalanuvchilar Vikipedia maqolalari, Stack Overflow’dagi savol-javoblar kabi 11,6 milliondan ortiq matnga o‘zbek tilida kirish imkoniga ega bo‘ladi.

Yandex Search foydalanuvchining savol berish uslubiga ham moslasha oladi. Masalan, tizim inson nutqining tabiiy shaklini yaxshi tushunadi. «Amir Temur nimasi bilan mashhur?» «Samarqand palovi qanday tayyorlanadi?» kabi savollarga qisqa, aniq va manba bilan boyitilgan javoblar bilan ta’minlanadi. Hatto internetda tayyor javobi bo‘lmagan savollar masalan, Buxorodagi diqqatga sazovor joylar bo‘yicha shaxsiy tavsiyalar ham sun’iy intellekt tomonidan tahlil asosida shakllantiriladi.

Foto: Yandex Uzbekistan

Yangi Yandex Search funksiyalari hozirda yandex.uz saytida bepul foydalanish uchun ochiq. Tizim chat oynasi orqali savol-javob qilish, real vaqt yangiliklarini ko‘rish, kerakli ma’lumotni aniqlashtirish imkonini beradi. Har bir javobda manba havolasi ham ilova qilinadi.

Ma’lumot uchun, Yandex Uzbekistan respublikada 2018-yildan buyon faoliyat yuritib, raqamli xizmatlar – taksi, taom yetkazib berish, ta’lim yo‘nalishida xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri Yandex Uzbekistan navigatsiya xizmatiga qo‘shimcha ravishda svetofor chiroqlarini real vaqtda xaritada ko‘rish imkoniyatini qo‘shgani haqida yozgandi.