Yil oxirigacha 15 ta zamonaviy qadoqlash korxonasi ishga tushadi

Yil oxirigacha 15 ta zamonaviy qadoqlash korxonasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili meva-sabzavot eksportining 75 foizi maydan oktabrgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgan. Bu esa jahon bozorida mahsulot ko‘payib, narxlar pasaygan davr hisoblanadi. Ayni paytda noyabr – mart oylarida narxlar 2-3 barobar yuqori bo‘ladi.
Shu bois eksportga mas’ullar o‘zlari yangilik qilolmasa, ilg‘or tajribaga ega tadbirkorlardan o‘rganishi kerakligi aytildi. Masalan, ilgari 1 kg olcha 30 sentga ham sotilmagan bo‘lsa, bu yil ilg‘or eksportchilar 9 ming tonna «shok» usulida muzlatilgan olchani $26 millionga eksport qilgan. Hatto o‘zimizda olcha yetishmagani sababli uni import qilib, muzlatib, qayta eksport qilish amaliyoti boshlangan.
Shu sababli, dalalar chetida eksportbop mahsulotlarni, xususan, olchani ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, joriy yilda 2 ming 600 gektar dala chetiga ekilgan ekinlar suv yetishmovchiligi sabab qurib qolgan. Biroq Jondor, Ohangaron, G‘allaorol, To‘raqo‘rg‘on va Yangibozor tumanlarida tomchilatib sug‘orish tajribasi ijobiy natija bergani qayd etildi.
Shu asosda viloyat hokimlariga ekin qurigan maydonlarda ham tomchilatib sug‘orishni joriy etish topshirildi.
Bundan tashqari, meva-sabzavotlar zamonaviy qadoqda eksport qilinsa, daromad yanada oshishi mumkin. Bu borada hozirgacha hududlarda 16 ta zamonaviy qadoqlash loyihasi ishga tushgan. Yil oxirigacha yana 15 ta shunday korxonani ishga tushirish zarurligi belgilandi.
Bundan oldin Shavkat Mirziyoyev har qanday ob-havo sharoitiga mos ekinlar ekish zarurligini ta’kidlagandi.