
Toshkentdan Samarqand va Andijonga olib boruvchi pullik avtomobil yo‘llari 2026-yildan amaliy bosqichga o‘tishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada keltirib o‘tildi.
Shu munosabat bilan xalqaro moliya institutlari ko‘magida mavjud avtomagistrallarni yangilash, ta’mirlash va zamonaviylashtirish ishlari ham amalga oshiriladi.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘llarning o‘tkazuvchanlik darajasini oshirish bo‘yicha kompleks dasturlar ishlab chiqiladi. Mazkur chora-tadbirlar global tajriba va zamonaviy texnologiyalar asosida shakllantirilmoqda.
Temiryo‘l transporti borasida ham muhim o‘zgarishlar kutilmoqda. Xususan, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida tezyurar poyezdlar harakatini yanada samarali qilish uchun yangi liniya qurilishi rejalashtirilgan. Nukus – Miskin – Urganch – Buxoro oralig‘ida esa yangi tezyurar temiryo‘l yo‘li ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston yo‘nalishlaridagi xalqaro temiryo‘l loyihalarida mamlakatning ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan pullik yo‘llar haqida ma’lumotlarni to‘plagandi.