Agar Falastin davlatini xohlasangiz, uni Londonda yoki Parijda quring – Isroil spikeri

Isroil parlamenti spikeri Amir Ohana Jenevada bo‘lib o‘tgan konferensiyada Falastin davlati Fransiya yoki Britaniyada tashkil etilishi kerakligini aytdi. Bu haqda TRT Global nashri ma’lum qildi.
U Yevropa davlatlarini «soxta tinchlik» targ‘ibotida ayblab, Isroil yuritayotgan urush tinchlik olib kelishini ta’kidladi.
Bu bayonot Buyuk Britaniya va Fransiyaning Falastin davlatini tan olish rejalari fonida yangradi. Nutq davomida Eron, Yaman va Falastin vakillari norozilik bildirib, zalni tark etishdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azada halok bo‘lganlar soni 60 mingdan oshdi, yuz minglab odamlar yaralangan. Ochlikdan vafot etganlar soni esa 150 nafardan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada Falastin davlatini tan olishga tayyorlanayotgani haqida yozgan edik.