Amir Temur davridagi tarixiy qozonning nusxasi yaratiladi

O‘zbekistonda Amir Temur buyrug‘i bilan 1399-yilda yasalgan mashhur bronza qozonning nusxasi yaratilmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) xabar berdi.
Asl qozon hozirda Qozog‘istonning Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasida saqlanadi. Uning balandligi 1,62 metr, diametri 2,42 metr bo‘lib, 3000 litr suv sig‘dira oladi. Qozonning og‘irligi taxminan 2 tonnani tashkil qiladi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, juma kunlari bu qozonda shirin suv yoki ovqat tayyorlanib, xalqqa tarqatilgan. Bu holat tasavvuf an’analarida yagona manba va ruhiy birlik ramzi sifatida talqin qilingan. Yangi nusxa Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholangani haqida yozgan edi.