Braziliyadan AQShga neft yetkazib berish qayta tiklanadi

Braziliyada faoliyat yuritayotgan yirik neft kompaniyalari AQShga neft yetkazib berishni qayta boshlaydi. Bu haqda Braziliya Neft Instituti prezidenti Roberto Ardenghi Reuters agentligiga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyida bojlar borasidagi noaniqlik tufayli Braziliyadan AQShga deyarli hech qanday neft jo‘natilmagan. Bunga 9-iyul kuni e’lon qilingan yangi boj choralarida neft mahsulotlarining imtiyozli ro‘yxatga kirish-kirmasligi mavhum bo‘lib qolgani sabab bo‘lgan.
Biroq 24-iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Braziliyaga nisbatan tariflarni 50 foizgacha oshirishni ko‘zda tutuvchi farmonni imzolagan bo‘lsa-da, hujjatda neft mahsulotlari, apelsin sharbati, ba’zi samolyotlar va sellyuloza bojdan ozod etilgan tovarlar qatoridan joy oldi.
«Biz bojdan chiqarildik», dedi Ardenghi.
IBP tarkibida Petrobras, Shell, TotalEnergies, ExxonMobil va Equinor kabi global neft kompaniyalari bor. Ardenghi bildirishicha, iyul oyida yuzaga kelgan noaniqlik sabab kompaniyalar neftni AQShga yuborish o‘rniga flotdagi kemalarda yoki suzuvchi platformalarda saqlab turgan. Chunki Braziliyadan AQShga neft yetib borishi o‘rtacha 21 kun vaqt oladi va bu muddatda bojlar borasidagi huquqiy noaniqlik yuklarning manziligacha borishini xavf ostiga qo‘ygan.
StoneX konsalting guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Braziliya kuniga o‘rtacha 1,78 million barrel neft eksport qilgan bo‘lsa, shundan 243 ming barreli AQShga yetkazilgan.
Agar bojlar imtiyozidan neft chetlatilganida yuklar Yevropa va Hindistonga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan edi. Petrobras rahbari Magda Shambriard ham bu holat kompaniya uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmasligini, zarurat tug‘ilsa, boshqa bozorlarga eksport qilishni davom ettirish mumkinligini bildirgan.
«Mahsulotlarimizga boj qo‘yish bu ikki tomon uchun ham yutqazish», deya xulosa qildi IBP prezidenti.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy va AQSh tariflar bo‘yicha kelisha olmagani haqida xabar bergan edi.