Buyuk Britaniyada texnik nosozlik tufayli 120 dan ortiq reyslar bekor qilindi

eʼlon qilindi
Mazkur holat aviakompaniyalar rahbarlari tomonidan keskin norozilikka sabab bo‘ldi
Buyuk Britaniyada texnik nosozlik tufayli 120 dan ortiq reyslar bekor qilindi. Foto: Reuters

30-iyul kuni Buyuk Britaniyada aviadispetcherlik tizimidagi texnik nosozlik oqibatida 120 dan ortiq aviareyslar bekor qilindi. Bu holat Londonning Xitrou, Gatvik hamda Edinburg aeroportlarida jiddiy uzilishlarga olib keldi.

Milliy havo qatnovi xizmatlari (NATS) xabariga ko‘ra, muammo Angliyaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Swanwick nazorat markazida yuzaga kelgan. Nosozlik mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da aniqlanib, bir soat ichida bartaraf etilgan. Shunga qaramay, parvozlar rejasidagi izdan chiqishlar yuz berdi.

Cirium aviatsiya tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan 19:30 ga kelib, 67 ta uchib ketish va 55 ta qo‘nish reysi bekor qilingan. Ayrim samolyotlar esa boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.

Ushbu texnik uzilish Buyuk Britaniya aviadispetcherlik tizimidagi so‘nggi yillardagi eng yirik nosozliklardan biri sifatida baholanmoqda. 2023-yilda ham shunga o‘xshash muammo yuz bergan bo‘lib, o‘shanda 1,5 mingdan ortiq parvozlar kechiktirilgan edi.

Bu safar nosozlik yozgi ta’til mavsumiga to‘g‘ri kelgani aviakompaniyalar rahbarlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ryanair kompaniyasining operatsion direktori Nil MakMaxon ushbu holatni «sharmandalik» deb atab, NATS rahbari Martin Rolfning iste’fosini talab qildi.

Buyuk Britaniyada hozirda 40 dan ortiq xalqaro va mahalliy aeroport faoliyat yuritadi. Yiliga 100 milliondan ziyod yo‘lovchi aynan shu havo yo‘llari orqali manziliga yetadi.

Bundan avval xakerlar hujumi «Aeroflot» aviakompaniyasi reyslarini izdan chiqargani haqida yozgandik.

Shuningdek