Avto

BYD yangi ikkita modelini arzon narxda taqdim qildi

Yuan UP seriyasidagi va Seagull asosida yaratilgan modellar
BYD yangi ikkita modelini arzonroq narxda taqdim qildi. Rasm Sora sun’iy intellekti yordamida qayta ishlandi.

BYD kompaniyasi yangi ikkita model: Yuan UP seriyasiga qo‘shilgan yangi kirish darajasidagi va Seagull asosida yaratilgan Atto 1 avtomobilini avvalgi modellarga nisbatan arzon narxlarda taqdim etmoqda.

Yuan UP seriyasidagi yangi model

Foto: BYD

Joriy yilning 30-iyul kuni BYD o‘zining Yuan UP seriyasiga yangi kirish darajasidagi modelni qo‘shdi. Mazkur model 301 km yurish masofasiga ega bo‘lib, Xitoyda $10 400 narxda taklif etilmoqda. Shuningdek, u BYD’ning haydovchiga yordam beruvchi tizimi – God’s Eye bilan jihozlanmagan. Taqqoslash uchun, hozirgi mavjud bo‘lgan uchta model $13 900 dan $16 700 gacha narxda sotiladi va 401 km yurish masofasiga ega.

Yuan UP seriyasi xalqaro bozorda Atto 2 nomi ostida sotilmoqda.

Yuan UP 301 km Pilot Edition tashqi dizayn va o‘lcham jihatidan avvalgi modellar bilan bir xil: 4310 mm uzunlik, 1830 mm kenglik, 1675 mm balandlik va 2620 mm g‘ildirak bazasi.

Bundan tashqari, modelga ikki yangi tashqi rang qo‘shildi – och sariq va binafsha. Yuan UP seriyasi avvalgi oq, kulrang va yashil ranglar bilan birga endi jami beshta rangda taklif etiladi.

Foto: BYD

Texnik jihatdan u magnitli sinxron elektromotor bilan jihozlangan. Maksimal quvvati 70 kVt (94 ot kuchi), aylanish momenti 180 Nm. Shu bilan birga, u 32 kVt/soat hajmdagi Blade akkumulyator bloki bilan birga 301 km CLTC yurish masofasini ta’minlaydi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish 12 soniya davom etadi. Tez zaryadlashda 30 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish uchun 30 daqiqa ketadi.

Foto: BYD

Shuningdek, salonda 8.8 dyuymli asboblar paneli va 10.1 dyuymli markaziy sensorli ekran mavjud. Ular BYD’ning DiLink 50 multimedia tizimi bilan boshqariladi. Bundan tashqari, 4G tarmog‘i, Bluetooth, avtomobildagi WiFi, masofaviy boshqaruv, OTA yangilanishlari, ovozli boshqaruv, to‘rtta dinamik, kalitsiz kirish tizimi va shinalar bosimini kuzatuvchi tizim bilan jihozlangan. Haydovchi o‘rindig‘i olti xil qo‘lda sozlanadi, yo‘lovchi o‘rindig‘i esa to‘rt xil sozlash imkoniyatiga ega.

Seagull asosida yaratilgan 75 ot kuchiga ega model

Xitoyning BYD kompaniyasi zamonaviy elektromobillarda bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha funksiyalarga ega arzon yana bir elektromobilini taqdim etdi.

Foto: BYD

Indoneziyadagi Gaikindo xalqaro avtomobil ko‘rgazmasida kompaniya Seagull asosida yaratilgan Atto 1 avtomobilini namoyish qildi. Narxi taxminan $12 mingni tashkil qilgan ushbu mashina bozordagi eng arzon elektromobillardan biri hisoblanadi.

Beshta eshikka ega xetchbek Atto 1 55 kVt (75 ot kuchi) quvvat va 135 Nm aylanish momentiga ega. Uning maksimal tezligi 130 km/soat, 0 dan 50 km/soatgacha tezlashuvi esa 4,9 soniyani tashkil etadi.

Foto: BYD

Atto 1 BYD’ning e-Platform 3.0 arxitekturasi va Blade LFP akkumulyator texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan. U ikki xil to‘plamda taqdim etiladi:

  • Standard Range Dynamic versiyasi 30,08 kVt/soatli akkumulyatorga ega bo‘lib, 300 km (NEDC) masofani bosib o‘ta oladi.
  • Long Range Premium versiyasi esa 38,88 kVt/soatli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, 380 km (NEDC) masofa yuradi. Uning narxi taxminan $14 500 dan boshlanadi.

Har ikkala versiyada ham transport vositasidan boshqa qurilmalarga elektr uzatish (V2L) funksiyasi mavjud. Dinamik versiyada tez zaryadlash quvvati 30 kVt, Premium versiyasida esa 40 kVt ni tashkil qiladi.

Foto: BYD

Model zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan. Unda 7 dyuymli raqamli panel, 10,1 dyuymli sensorli ekran, simsiz Apple CarPlay va Android Auto mavjud. Shuningdek, avtomatik LED chiroqlar, NFC va Bluetooth orqali telefonni kalit sifatida ishlatish imkoniyati, to‘rt dinamik hamda kun davomida yoniq chiroqlar kabi funksiyalar ham bor.

Premium versiyada esa elektr haydovchi o‘rindig‘i, simsiz zaryadlash, rulni har tomonlama sozlash va xavfsizlikka yo‘naltirilgan oyna boshqaruvi kabi qo‘shimchalar bor.

Bundan oldin Xitoyda $19 minglik BYD Sealion 06 elektromobili taqdim etilgani haqida yozgandik.