Yangiliklar

Chiroyli avtoraqamlarga talab 23 foizga kamaydi

Bitimlar summasi esa 11 foizga kamaydi
Foto: UzEX

Shu yilning yanvar – iyun oylarida «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» (O‘zRTXB) orqali sotilgan «chiroyli» avtoraqamlar sotuvi hajmi 23 foizga kamaygan. Bu haqda birja matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Birjaning avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida shu yilning dastlabki olti oyida 80 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kamaygan.

Bitimlar summasida ham 11 foiz kamayish kuzatilgan, ya’ni bu yil qariyb 378,7 mlrd so‘mlik raqam sotilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 426,2 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Birja ma’lumotlariga ko‘ra, sotilgan avtoraqamlarning 96 foizi jismoniy shaxslarga, qolgan 4 foizi esa yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan. Raqamlar orasida eng arzon narx 1,7 mln so‘mni, eng qimmat narx 509,6 mln so‘mni tashkil qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zRTXBda oltin va kumush savdosi ikki baravar oshgani haqida yozgandi.