
Markaziy bank tomonidan «We-Finance Code» xalqaro tashabbusi doirasida ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirishga qaratilgan Milliy Nizom ishlab chiqildi.
Mazkur Nizom ayollarga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdagi teng imkoniyatlarni kengaytirish, gender siyosatini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi islohotlarini namoyish etish va mamlakat obro‘sini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy Nizom asosida Markaziy bank rahbarligidagi moliyaviy tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh Milliy koalitsiya tuzilgan bo‘lib, ular ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Majburiyatnoma xatlarini ishlab chiqdi. Bu xatlar tashabbusga qo‘shiluvchi moliyaviy institutlar uchun asosiy mezon hisoblanadi.
Bugungi kunda «We-Finance Code» tashabbusi dunyoning 30 dan ortiq davlatida joriy qilingan. Markaziy Osiyoda esa O‘zbekiston mazkur tashabbus doirasida Milliy Nizom ishlab chiqqan ilk davlat sifatida qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Banklardagi avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi pasaygani haqida xabar bergan edi.