Qishda yozni eslatadigan ta’m: ayollarning konserva tayyorlash usullari

31-iyul 2025 12:52 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Madina Baxromjonova shaxsiy arxividan

O‘zbek xalqida «qish g‘amini yozda ye» degan maqol bor. Yoz — bu nafaqat issiq kunlar, balki mo‘l hosil, bozorlar gavjumligi va uy bekalarining konserva mavsumi boshlanadigan fasldir. Har bir uyda bodring, pomidor, olcha, o‘rik, gilos kabi sabzavot va mevalar yoppasiga yig‘ilib, bankalarga solinadi. «Kursiv» nashri Oʻzbekistonning turli hududlaridagi ayol va qizlar bilan yozda banka yopishning eng samarali va ishonchli usullari, koʻp tayyorlanadigan mahsulotlar, zarur qo‘shimchalar, foydali maslahatlar va bu ishni qanday qilib biznesga aylantirish haqida suhbatlashdi.

Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Uy konservasi bu sog‘lomlik, bu oila mehri — Shaxzoda Aripova (uy bekasi)

Foto: Shaxzoda Aripova shaxsiy arxividan

Shahzoda uy bekasi, konserva mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha 7 yillik tajribaga ega. Bu ishni o‘zi uchun biznesga ham aylantirgan. Telegram, Instagram orqali respublikaning turli hududlariga buyurtmalarni yetkazib beradi.

Yilning ilk issiq nafasi kirib kelishi bilan Shahzoda hovlisida biroz shovqin, ammo maroqli harakatlar boshlanadi. May oyidan tortib, yozning har bir oyiga xos mevalar bilan uy konservasi tayyorlash — bu endi nafaqat odat, balki qalbdan joy olgan bir mashg‘ulotga aylangan.

«Qulupnaydan kompot, murabbo qilamiz, tok bargini yig‘ib, salatlarga tayyorlaymiz. Iyun oyidan boshlab ish qiziydi — olcha, shaftoli, malina, qorag‘at (smorodina), shotut, na’matak… Har biri o‘z vaqtida kompotga, murabboga aylanadi», — deydi u.

Video: shaxsiy arxivdan

Avgustga kelganda esa konserva ishlarining ikkinchi yarmi — sabzavotlar mavsumi boshlanadi, pomidorli mahsulotlar shu vaqtda tayyorlanadi. Eng osoni kompot, eng ko‘p mehnat talab qiladigani esa ikra, sokli bodiring. Har birining o‘ziga yarasha sir-u, mehnati bor.

Foto: shaxsiy arxivdan

«Banka otmasligi uchun sirlari bor, lekin baribir bu — obi otash, ya’ni yong‘in va suv ishi. Har doim ehtiyot bo‘lish kerak. Shunga qaramay, bir banka kompotni ko‘rib quvonganimni hech bir narsaga almashtirmayman», dedi u faxr bilan.

Foto: shaxsiy arxivdan

Bir oilaga yiliga 2 million so‘mlik konserva tayyorlashni «norma» deb biladigan Shaxzodaning aytishicha, har bir uyda bunday mahsulotlar albatta kerak.

«Har kimning didi har xil, lekin uy konservasi — bu sog‘lomlik, bu ortiqcha chiqimdan saqlanish, bu oila mehri», deydi u.

Yoz kelishi bilan o‘z kasbimni o‘zgartiraman — Dilfuza Ernazarova (o‘qituvchi)

Bu yil yozda Dilfuza opa yopgan bankalar. Foto: Shaxsiy arxiv

Dilfuza opa Xorazmdagi maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Yozgi ta’til keldi deguncha, uyidagi bo‘sh turgan bankalardan yoki yangilarini sotib olib qishga tayyorgarlikni boshlab yuboradi.

«Bizda ko‘proq pomidor, bodring, karam va qovurilgan baqlajon konservasi tayyorlanadi. Murabbo turlari, ayniqsa, olcha va gilos murabbosiga ehtiyoj sezamiz. Ba’zan qovundan ham murabbo qiladiganlar ham bor. Qishda sho‘rva yoki manti ichiga solish uchun lecho, adjika kabi aralashmalar ham konserva holida tayyorlanadi. Kompotlardan shaftoli, o‘rik, gilos mevalaridan tayyorlanadiganlari juda mashhur. Har yili qo‘ni-qo‘shnilar bilan retsept almashib turamiz», dedi u.

Uning aytishicha, konserva ishlari asosan iyun oyining o‘rtalaridan boshlanadi. Iyul–avgust oylarida esa asosiy qismi yopiladi, chunki bu hosil eng mo‘l bo‘ladigan davr.

Foto: Shaxsiy arxiv

Ularning oilasida besh kishi uchun o‘rtacha 60–70 ta banka tayyorlanadi. Kichik bankalar kompot va murabboga, kattaroqlari esa tuzlama va salatlarga ketadi.

Foto: Shaxsiy arxiv

«Xorazmda shirin ta’mli konservalarga qaraganda achchiqroq va tuzlama mahsulotlari ko‘proq iste’mol qilinadi. Lekin bizning oilada mevalardan qilingan kompotlar ham to polizimizda meva chiqqincha dasturxonimizda bo‘ladi. Farzandlarim adjikani yaxshi ko‘rishadi, shu sababli bu konservaning katta qismini kuzda tayyorlayman. Chunki, unga kerak bo‘ladigan qizil bulg‘or qalampiri bozorlarda kuz kelishi bilan sotuvga chiqadi».

Dilfuza opa uchun eng osoni — olcha yoki o‘rikdan tayyorlanadigan kompotdir. Qiyinrog‘i esa qovurilgan sabzavotli salatlar, ayniqsa lecho va baqlajonli konserva.

«Har doim tayyorlaydiganim — tuzlangan bodring. Avval bodringlarni tuzlab, lavr yaprog‘i, sarimsoq va qora murch qo‘shaman. So‘ng qaynatilgan sirka-yog‘ aralashmasini hamda suv quyaman. Qopqog‘ini mahkam yopib, ag‘darib adyolga o‘rab qo‘yaman».

Foto: Shaxsiy arxiv

Shuningdek, agar gigiyena va sterilizatsiyaga rioya qilinsa, uy konservalari juda foydali ekanligini aytib o‘tdilar. Ammo ba’zida noto‘g‘ri yopilgan bankalar buziladi, hidi o‘zgaradi.

«Men bir marta shunday bo‘lgan bankani ochib, taomga solgan edim — oshqozonimda og‘riq paydo bo‘ldi. Shundan keyin har bir bankani ochishda diqqat bilan hidlab, tekshiraman. Toza va ehtiyotkorlik bilan tayyorlansa, salomatlik uchun zarar emas, foyda bo‘ladi».

Foto: Shaxsiy arxiv

«Har bir ishning o‘z zavqi bor. Siz o‘qituvchi bo‘lasizmi, shifokormi, yoz kelishi bilan o‘z kasbingizni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi», dedi Dilfuza opa banka yopish ishlarini nazarda tutib.

Shu bilan birga, xarajatlar har yili hosilga qarab o‘zgaradi, lekin o‘rtacha bitta oila uchun 1-1,5 million so‘m atrofida ketadi. Meva-sabzavotlarni yozda arzon paytda sotib olishga harakat qilishadi. Shakar, sirka, qopqoq, banka kabi xarajatlarga ham pul yig‘iladi. Har yili eski bankalardan foydalanish orqali xarajatni kamaytirishadi. Ammo sifatli mahsulot tayyorlash uchun ba’zan qo‘shimcha xarajat qilishga to‘g‘ri keladi.

Ayol kishining qo‘li yengil bo‘lsa, qiyin ishning o‘zi yo‘q — Madina Baxromjonova (uy bekasi)

Foto: shaxsiy arxivdan

Madina uy bekasi. Uning asosiy vaqti uy yumushlari bilan o‘tishiga qaramay, konserva yopishni kundalik ishdan biznesga aylantirishga ulgurgan. Instagram va Telegram orqali tayyor konserva mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadi.

«Yoz kelishi bilan har bir uyda qishga qizg‘in tayyorgarlik boshlanadi. Asosan olcha, gilos, shaftoli, nok, qovunli, hatto ba’zida tarvuzli kompotlar tayyorlaymiz. Bundan tashqari, turli tuzlama salatlar — pomidor-bodringli aralash salatlar, baqlajonli ikra, bulg‘or qalampiri bilan qizil lavlagi va sabzi aralashmalari juda ommalashgan. Ayniqsa, o‘zimiz «asarti» deb ataydigan mevali kompotlarimiz boshqalardan ajralib turadi», dedi u.

Madina odatda konservalarni may oyining oxiri, gilos pishishidan boshlab tayyorlay boshlaydi. Oktabrga qadar bu ish davom etadi. Har fasl, har oyda o‘ziga xos mahsulot tayyor bo‘ladi. Misol uchun, iyunda ko‘proq kompotlar, avgust-sentabrda esa sabzavotli konservalar, qovoq va lavlagili ikralar, pomidor pastalari yopiladi.

Ularning oilasida o‘rtacha hisobda 80–100ta banka tayyorlanadi. Bu miqdor har bir haftalik ovqatga, mehmon kutishga, talabalarga jo‘natishga yoki kasal bo‘lib qolganida foydali taom tayyorlashga yetarli bo‘ladi.

«Ayol kishining qo‘li yengil bo‘lsa, qiyin ishning o‘zi yo‘q. Lekin o‘z tajribamdan aytadigan bo‘lsam, eng qiyin ish — bu ikra va tuzlamalarni tayyorlashdir. Chunki ularni to‘g‘rash, pishirish, o‘lchovga qarab sirka va tuzini to‘g‘ri qo‘yish, haroratni ushlash juda nozik jarayonlarni talab qiladi», deya qo‘shimcha qildi Madina.

Shuningdek, uning aytishicha agar sabzavot va mevalarni bozordan xarid qilinsa, konservalarga qilinadigan umumiy xarajat yiliga 3-4 million so‘m atrofida bo‘ladi.

Video: shaxsiy arxivdan

«Bankalarni avvalo sovuq suvda yaxshilab yuvaman, keyin har birini bug‘da sterilizatsiya qilaman. Qopqoq va meva solinadigan idishlar ham alohida tozalab qaynatiladi. Mevani yoki salatni bankaga issiq holatda solib, darhol yopib olamiz. Yana muhim jihat — har bir ishni mehr bilan qilish muhimdir».

Uy sharoitida bodring tuzlamasini tayyorlash uchun retsept

Foto: Sora sun’iy intelletida tayyorlandi

1. Mahsulotlarni tayyorlash

  • Mayda yoki o‘rtacha o‘lchamdagi yangi, qattiq, yashil rangli bodringlar tanlanadi.
  • Bodringlar yaxshilab yuviladi.
  • Ustki va pastki uchi (dumchasi) kesiladi.

2. Qo‘shimchalar

  • Har bir banka uchun:
    – 1-2 dona sarimsoq bo‘lagi;
    – 2-3 dona qora murch donasi;
    – 1 dona dafna bargi;
    – 1-2 dona arpabodiyon (yangi yoki quritilgan) ixtiyoriga qarab;
    – Miqdorga qarab qora yoki qizil achchiq qalampir.

3. Bankalarni sterilizatsiya qilish

  • 1 litrlik bankalarni bug‘da 10 daqiqa tutish kerak.
  • Qopqoqlarni ham qaynoq suvda 5 daqiqa qaynatish zarur.

4. Bodringlarni bankaga joylash

  • Steril bankaga avval ziravorlar, so‘ngra bodringlar (tik holda) zich joylanadi.
  • Ustidan yana 1 dona dafna bargi solinadi.

5. Tuzlama suvi tayyorlash (1 litrlik banka uchun)

  • 1 litr suv
  • 1 osh qoshiq tuz
  • 1,5 osh qoshiq shakar
  • 2 osh qoshiq 9%li sirka (sterilizatsiyasiz usulda esa 3 osh qoshiq)
  • Suv qaynab chiqqach, bodring ustiga issiq holda quyiladi.

6. Sterilizatsiya qilish (ixtiyoriy, ammo tavsiya etiladi)

  • Bankalar qopqog‘ini yopib, katta idishga solinadi, yarimigacha issiq suv quyiladi va 10–15 daqiqa qaynatiladi (1 litrlik bankalar uchun).
  • So‘ng qopqog‘ini mahkam yoping.

7. Sovitish

  • Qopqoqni mahkam yopilgach, bankalarni ag‘darib (teskari qilib) sochiqqa o‘rab qo‘ying.
  • To‘liq sovugach, salqin joyga olib qo‘yiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Qirg‘iziston o‘zbek bodringining eng yirik xaridoriga aylangani haqida yozgandi.

Shuningdek