Gadjetlar

Telefon qaramligidan qanday qutulish mumkin

Telefon qaramligidan xalos bo‘lishning ilk qadami – buni tan olish
Telefon qaramligidan qanday qutulish mumkin / Foto: Canard Virtuel

Ko‘pchilik telefoniga haddan tashqari bog‘lanib qolganini ham sezmay qoladi. Har bir qo‘ng‘iroqqa javob berish, ijtimoiy tarmoqlarni doimiy tekshirib turish, bo‘sh vaqtda telefonga sho‘ng‘ib ketish – bular oddiy holat emas, balki qaramlik alomatidir. Ushbu maqolada telefon qaramligining asosiy belgilari, u bilan bog‘liq salbiy oqibatlar va undan qutulish yo‘llari bosqichma-bosqich yoritiladi.

Ushbu maqola quyidagilarni bilib olish mumkin:

Foto: The Star

Telefon qaramlik va uning alomatlari

Telefon qaramligi odamda mobil qurilmadan foydalanishga kuchli ichki ehtiyoj paydo bo‘lishi, undan voz kecha olmaslik holatidir. Bu psixologik holat insonning kun tartibi, ish faoliyati, sog‘ligi va hatto munosabatlarini izdan chiqarishi mumkin.

Foto: IMD Business School

Quyidagi belgilar odamda telefon qaramligi borligini ko‘rsatadi:

  • Har 5-10 daqiqada telefoningizni tekshirib ko‘rish;
  • Telefon uyda qolsa, xavotir, g‘azab yoki vahima his qilish;
  • Yotishdan oldin va uyg‘ongach birinchi navbatda telefonga qarash;
  • Haqiqiy suhbatlar o‘rniga doim yozishmalarni afzal ko‘rish;
  • Biror ish bilan band bo‘lsa ham, orada telefonga qarayverish;
  • Mobil ilovalarsiz zerikish yoki o‘zini bekorchidek his qilish.
Foto: NPR

Telefon qaramligining salbiy oqibatlari

Telefon va ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanish insonning ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi — depressiya, xavotir va yolg‘izlik kuchayadi. Vaqtni behuda sarflash esa eng muhim resursni yo‘qotishga olib keladi. Kun davomida ekranga tikilib o‘tirilgan vaqt oila davrasida bo‘lish, kitob o‘qish yoki shaxsiy rivojlanishga yo‘naltirilishi mumkin edi. Yotish oldidan telefondan foydalanish uyqu sifatini buzadi, uxlab qolishni qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, telefon sababli yaqinlar bilan jonli muloqot kamayadi va munosabatlarda sovuqlik yuzaga keladi. Shu sababli, telefonni me’yorida ishlatish sog‘lom hayot uchun muhimdir.

Foto: BRG

Qanday qutulish mumkin?

1. Telefondan foydalanish vaqtini kuzatish

iPhone yoki Android qurilmalarda mavjud bo‘lgan «Screen Time» yoki «Digital Wellbeing» kabi funksiyalar yordamida kun davomida telefonda qancha vaqt o‘tkazilganini ko‘rish mumkin. Qaysi ilovalarga ko‘proq vaqt ajratayotganingizni aniqlash, foydasiz odatlarni anglashda muhimdir. Bu statistikani muntazam kuzatib borish o‘z ustingizda ishlashga turtki beradi.

Foto: Asurion

2. Ekran vaqtiga limit qo‘yish

Telefon foydalanuvchisining vaqtini eng ko‘p yutadigan ilovalar — ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar, YouTube yoki TikTok kabi platformalardir. Bu ilovalarga kunlik foydalanish cheklovlarini o‘rnatish telefon qaramligini kamaytirishga yordam beradi. Masalan, har bir ilovaga 30 daqiqa yoki 1 soatlik limit belgilab, undan keyin avtomatik ravishda bloklanishini sozlashingiz mumkin. Bunday cheklovlar orqali siz o‘z vaqt resursingizni ongli boshqarishni boshlaysiz. Dastlab noqulay tuyilishi mumkin, ammo vaqt o‘tishi bilan bu odatga aylanishi va unumdorligingizni oshirishi mumkin.

Foto: PCMag

3. Bildirishnomalarni o‘chirib qo‘yish

Telefoningizdagi har bir signal, tovush yoki bildirishnoma ong va diqqatni bo‘lib yuboradi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan yoki kam foydali ilovalardan keladigan xabarnomalar sizni telefonga yana va yana qaytishga majbur qiladi. Shu sababli, keraksiz ilovalarning bildirishnomalarini o‘chirib qo‘yish muhim qadamdir. Bu sizga diqqatni muhim ishga jamlash va sokinlikda ishlash imkonini beradi. Vaqt o‘tib, telefoningiz sizni emas, siz uni boshqarayotganingizni his qilasiz.

Foto: Unsplash

iOS (iPhone) qurilmalarda bildirishnomalarni o‘chirish:

  1. Sozlamalar (Settings / Настройки) bo‘limini oching.
  2. Bildirishnomalar (Notifications / Уведомления) bo‘limiga o‘ting.
  3. Ro‘yxatdan kerakli ilovani tanlang.
  4. Bildirishnomalarga ruxsat berish (Allow Notifications / Разрешить уведомления) tugmasini o‘chirib qo‘ying.
    Shuningdek, istasangiz faqat Ovozlar (Sounds / Звуки), Belgilar (Badges / Значки) yoki Bannerlar (Banners / Баннеры) kabi elementlarni alohida sozlashingiz mumkin.

Android qurilmalarda bildirishnomalarni o‘chirish:

  1. Sozlamalar (Settings / Настройки) menyusiga kiring.
  2. Bildirishnomalar (Notifications / Уведомления) yoki Ilovalar va bildirishnomalar (Apps & notifications / Приложения и уведомления) bo‘limini tanlang.
  3. Barcha ilovalarni ko‘rish (See all apps / Показать все приложения) orqali kerakli ilovani toping.
  4. Ilovani tanlab, Bildirishnomalar (Notifications / Уведомления) bo‘limiga kiring va kerakli sozlamalarni o‘chirib qo‘ying.
Foto: Top1tv

4. Telefonsiz zonalar yaratish

Telefon qaramligidan qutulish uchun muayyan joylarda undan foydalanishni cheklash samarali usullardan biridir. Masalan, yotoqxona, ovqatlanish stoli yoki oila bilan suhbatlashiladigan xonalarni telefonsiz hududlar deb belgilang. Bu joylarda telefondan foydalanishni qat’iy taqiqlang. Oila a’zolaringizni ham bu qaror haqida ogohlantiring va ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqiring. Bunday hududlar insonning hushyorligini oshiradi, muloqotni mustahkamlaydi va real hayotga e’tiborni kuchaytiradi.

Foto: Badgy

5. Ijtimoiy tarmoqlarni vaqtincha o‘chirib turish

Ijtimoiy tarmoqlardan vaqtincha voz kechish telefon qaramligini kamaytirishdagi samarali tajribalardan biridir. Masalan, bir haftada Instagram, TikTok, YouTube yoki Facebook kabi ilovalarni telefoningizdan butunlay o‘chirib ko‘ring. Bu davr mobaynida o‘zingizni qanday his qilayotganingizga e’tibor bering: vaqtingiz ko‘payadimi, kayfiyatingiz yaxshilanadimi, diqqat-ingiz oshadimi. Ko‘pchilik bu tajribadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarga bo‘lgan ehtiyojning sun’iy ekanini anglaydi. Vaqtinchalik tanaffus sizga ruhiy tinchlik, chuqur fikrlash va real hayotdan ko‘proq zavq olish imkonini beradi.

Foto: Manchester Digital

6. Real hayotdagi mashg‘ulotlarga vaqt ajratish

Telefon o‘rnini to‘ldirish uchun foydali va zavqli mashg‘ulotlarga vaqt ajratish juda muhim. Sport bilan shug‘ullanish, sayr qilish, kitob o‘qish, rasm chizish yoki pazandachilik kabi faoliyatlar sizni nafaqat telefondan uzoqlashtiradi, balki hayotingizga yangi ma’no, ruhiy barqarorlik va ijodiy ilhom olib kiradi. Bunday mashg‘ulotlar vaqtni ongli sarflashni o‘rgatadi va hayotingizga real quvonch olib keladi. Qolaversa, ular orqali o‘z qiziqishlaringizni qayta kashf etishingiz va yangi odatlarni shakllantirishingiz mumkin. Kunlik rejangizga kamida 1-2 soat shunday faoliyatlar uchun ajratsangiz, telefonga bo‘lgan ehtiyoj tabiiy ravishda kamayadi.

Foto: The Guardian / Sun’iy intellekt

7. Kun boshini va yakunini telefonsiz o‘tkazish

Kun boshini va oxirini telefonsiz o‘tkazish ongni sokinlashtiradi va kunni mazmunli boshqarish uchun muhim odatga aylanadi. Uyg‘onganingizda birinchi bo‘lib telefonga emas, balki o‘zingizga, kayfiyatingizga va bugungi niyatlaringizga e’tibor qarating. Tonggi vaqtni sokin nonushta, yengil mashqlar yoki qisqa fikrlash mashqlari bilan boshlash ruhiy holatingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xuddi shunday, uxlashdan oldin kamida 30 daqiqa telefonsiz o‘tkazish miyani tinchlantiradi, uyqu sifatini yaxshilaydi. Kechki paytda kitob o‘qish, meditatsiya yoki sukunatda bo‘lish sizga dam olishga tayyorgarlik ko‘rsatadi.

Foto: YTECHB

8. Minimalistik ekran dizayni

Telefoningizning bosh ekranini tartibga solish — uni kamroq ochishga turtki bo‘ladigan samarali usullardan biridir. Bosh ekranda faqat eng zarur ilovalarni (masalan, aloqa, kalendar, eslatmalar) qoldiring, qolganlarini esa boshqa papkalarga joylashtiring yoki asosiy ekrandan olib tashlang. Rang-barang, jozibali ikonlar e’tiborni tortadi va foydasiz ilovalarga kirishga undaydi. Shuning uchun soddalashtirilgan, ko‘zni charchatmaydigan uslubni tanlash tavsiya etiladi. Ayrim ilovalarning ikonalarini yashirin holatga keltirish yoki rangsiz (monoxrom) rejimni yoqish orqali ham chalg‘ituvchi omillarni kamaytirish mumkin. Minimalistik dizayn nafaqat estetik, balki diqqatni jamlashga ham xizmat qiladi.

Foto: Alpacka

9. Detoks kunlari e’lon qilish

Telefon qaramligidan xalos bo‘lish uchun har hafta bir kunni «telefonsiz kun» deb belgilash foydali odatdir. Masalan, yakshanba kunini tanlab, shu kuni iloji boricha telefonni qo‘lingizga olmaslikka harakat qiling. Bu kunni oilangiz bilan vaqt o‘tkazish, tabiatga chiqish, sevimli mashg‘ulotlaringiz bilan shug‘ullanish yoki shunchaki sokin dam olishga bag‘ishlang. Analog hayot tarzida o‘tgan bunday kunlar ruhiy tiklanishga, diqqatni jamlashga va real hayot bilan qayta bog‘lanishga xizmat qiladi. Dastlab bu odat qiyin tuyilishi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan detoks kunlari kutilgan eng sevimli dam olish kunlaringizga aylanadi.

Foto: Sante center

10. Psixologik yordamdan foydalanish

Agar telefon qaramligi ustidan mustaqil nazorat o‘rnatish qiyin bo‘layotgan bo‘lsa, bu holatda mutaxassis yordami zarur bo‘lishi mumkin. Psixolog yoki ruhiy salomatlik bo‘yicha maslahatchiga murojaat qilishdan uyalmang — bu zaiflik emas, aksincha, muammoni anglab, uni hal qilishga bo‘lgan ongli va mas’uliyatli qadamdir. Mutaxassis sizga individual maslahatlar, amaliy mashqlar yoki zarur bo‘lsa, davolash usullarini taklif qilishi mumkin. Yordam so‘rash orqali siz o‘zingizga va sog‘lig‘ingizga g‘amxo‘rlik qilayotganingizni ko‘rsatasiz. Ba’zida kichik bir suhbat ham ijobiy o‘zgarishlar sari eshik ochadi.

Foto: The Indian Express

Xulosa o‘rnida aytganda, telefon aslida hayotni qulaylashtiradigan vosita bo‘lishi kerak. Biz unga emas, u bizga xizmat qilishi lozim. Agar u sizning vaqtingiz, salomatligingiz yoki munosabatlaringizni boshqarayotgan bo‘lsa, demak bu holat ustida jiddiy o‘ylash va o‘zgarish qilish vaqti kelganini anglatadi. To‘g‘ri, qaramlikni bir kunda yengish qiyin, lekin kichik qadamlar orqali ham ijobiy natijaga erishish mumkin. Muhimi – o‘sha qadamni qo‘yish, harakatni boshlashdadir!

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ishlatilgan telefonni sotishdan oldin nimalar qilish kerakligi haqida batafsil yozgan edik.