Avto

Yangi Volkswagen Passat taqdim etildi

Life va R-Line o‘rniga yangi Match va Black Edition komplektatsiyalari taklif etilmoqda
Yangi Volkswagen Passat taqdim etildi. Foto: Volkswagen

Volkswagen Passat eHybrid model qatori yangilandi. Endi avvalgi Life va R-Line o‘rniga yangi Match va Black Edition komplektatsiyalari taklif etilmoqda. Bu haqda 32cars nashri xabar berdi.

Yangi versiyalar narx jihatidan o‘zgarishsiz qolgani bilan, uskunalar to‘plami kengaygan.

Match komplektatsiyasiga metal bo‘yoqli kuzov, IQ.Light matritsali chiroqlar, orqa oynalarning tuslangan varianti hamda 360 daraja ko‘rinish, favqulodda to‘xtash funksiyasi bilan jihozlangan haydovchiga yordam tizimlari paketi kiradi. Avval bu qo‘shimchalar alohida xarid qilinganda taxminan $5,2 ming turardi.

Black Edition esa R-Line bazasida ishlab chiqilgan. Unda 19 dyuymli Leeds disklar, panoramali tom va 90% qoraytirilgan orqa oynalar mavjud. Bundan tashqari, 15 dyuymli multimedia ekrani, proyeksion displey, barcha o‘rindiqlar uchun isitish funksiyasi mavjud bo‘lgan «qishki paket» kiradi. Bularni R-Line versiyasiga alohida qo‘shish taxminan $6,5 ming turadi.

Foto: Volkswagen

Passat eHybrid narxlari quyidagicha:

  • Match versiyasi: taxminan $58 450;
  • Black Edition: 204 ot kuchiga ega dvigatel bilan — $65 250, 272 ot kuchiga ega dvigatel bilan — $69 945.

Har ikki versiya 1,5 litrli benzinli motor va 6 pog‘onali DSG avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Shuningdek, yangi funksiyalar qatorida ChatGPT bilan ishlaydigan IDA ovozli yordamchi, raqamli radio, simsiz zaryadlash, massajli old o‘rindiqlar, orqa kamera, avtoturargoh tizimi va moslanuvchi kruiz-kontrol mavjud.

Bundan avval yangi Volkswagen Lamando L va Lamando L GTS taqdim etilgani haqida yozgandik.