1-avgustdan 1-sinfga va maktablararo ko‘chirish uchun elektron qabul boshlandi – videoqo‘llanma

2025/2026-o‘quv yili uchun 1-sinfga elektron tarzda qabul joriy etilgan hududlarda mikrohududdan tashqaridagi bolalarni qabul qilish jarayoni 1-avgust soat 10:00 dan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Shuningdek, o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati ham aynan shu kundan davom ettiriladi.
Elektron qabul tizimi orqali ariza topshirish my.maktab.uz portali orqali amalga oshiriladi. Unda ota-onalar farzandining hujjatlarini tanlangan maktabga onlayn tarzda yuborishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, mikrohudud ichidagi bolalar avtomatik tarzda maktabga biriktiriladi. Mikrohududdan tashqaridagi arizalar esa mavjud o‘rinlar doirasida, navbat asosida ko‘rib chiqiladi.
Savollar yuzasidan 71-203-07-04 yoki 71-203-04-03 raqamlariga murojaat qilish yoki Telegramdagi @mymaktab_uz kanalidan ma’lumot olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedagoglarning malaka testlariga ro‘yxatdan o‘tishi 1-avgustdan boshlanishi haqida xabar bergan edik.