Aeroportga ishga kiritishni va’da qilgan firibgar qo‘lga olindi

Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, aviaxavfsizlik xizmati qo’riqlash bo‘linmasi nazoratchisi lavozimiga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxs $500 miqdoridagi pora olayotgan vaqtda DXX va Ichki ishlar organlari tomonidan qo‘lga olindi.
Ushbu shaxs aeroportda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni ishga kiritib qo‘yishni aytib, evaziga pul talab qilgan. Surishtiruv davomida u bunga o‘xshash holatda o‘nga yaqin fuqarodan $500-1000 olganini tan oldi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, boshqa jabrlangan fuqarolar ham aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Davlat xavfsizlik xizmati bir qator korrupsion holatlarni fosh etgan edi.