
Iyul oyida AQSh kompaniyalari 62 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatgan. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga ko‘p. O‘shanda 25,9 ming kishi ishdan ketgan edi. Qisqartishlar soni so‘nggi 10 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, faqat 2020-yilgi pandemiya davrining cho‘qqisidan ortda qolmoqda. Ish beruvchilar bunday keng ko‘lamli ishdan bo‘shatishlarga asosan sun’iy intellekt joriy etilishi va tariflar bosimini sabab qilib ko‘rsatgan.
Texnologiya sohasi eng ko‘p zarba olgan yo‘nalish bo‘ldi. Intel o‘z xodimlarining 15 foizini qisqartirishga qaror qilgan bo‘lsa, Microsoft bu yilgi ikkinchi qisqartish to‘lqinini boshladi, bu safar 9 ming xodim ishsiz qoldi. Kompaniyalar sun’iy intellektga katta sarmoya yo‘naltirayotgani ortidan boshqa xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, avtomobil sanoatida ham qisqartishlar ortgan. Bu asosan yangi tariflar bosimi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, federal budjetdagi qisqartirishlar davlat buyurtmalariga tayanadigan notijorat tashkilotlar va sog‘liqni saqlash muassasalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu sohalarda ham so‘nggi ikki oyda ishdan bo‘shatishlar ko‘paygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Davlat departamentida mingdan ortiq xodim ishdan bo‘shatilgani haqida xabar bergan edi.