AQShdagi chaqmoq urishi jahon rekordi sifatida tan olindi — video

eʼlon qilindi
829 kilometr masofaga cho‘zilgan chaqmoq zarbasi
chaqmoq
Foto: Jahon meteorologiya tashkiloti

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) tomonidan AQShda kuzatilgan g‘ayrioddiy tabiiy hodisa — 829 kilometr masofaga cho‘zilgan chaqmoq zarbasi rasman eng uzoq chaqmoq sifatida e’tirof etildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Bu hodisa 2017-yil oktabr oyida Texasdan Kansas-Sitigacha bo‘lgan hududda kuchli momaqaldiroq paytida ro‘y bergan.

Yangi aniqlangan megazanjir chaqmoq avvalgi rekordni 61 kilometrga ortda qoldirib, chaqmoq zarbalari bo‘yicha dunyo rekordini yangiladi. JMT bu hodisani so‘nggi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida qayta tahlil qilgan va GOES-16 sun’iy yo‘ldoshi tomonidan hujjatlashtirilgan ilk megaflash’lardan biri bo‘lib chiqqan.

Mutaxassislarning aytishicha, bu kabi uzoq masofali chaqmoqlar odatda Shimoliy Amerikaning katta tekisliklarida kuzatiladigan yirik konvektiv momaqaldiroqlar natijasida yuzaga keladi.

JMT bosh kotibi Seleste Saulo hodisani izohlar ekan, bunday chaqmoqlar nafaqat hayratga soluvchi, balki jiddiy xavf tug‘diruvchi hodisa ekanini ta’kidladi. Ularning ta’siri aviatsiya, yong‘inlar va umumiy xavfsizlik tizimlariga sezilarli tahdid soladi.

JMT mutaxassisi professor Rendel Servenining fikricha, bu kabi ekstremal hodisalar ilm-fan oldida yangi imkoniyatlar ochmoqda.

«Bugungi texnologiyalar bizga yanada aniq va uzoq masofali chaqmoqlarni kuzatish imkonini bermoqda. Balki bu hali eng uzun chaqmoq emasdir — vaqt o‘tishi bilan bundan ham kuchliroq hodisalar aniqlanishi mumkin», — deydi Serveni.

Jahon meteorologiya tashkiloti ob-havo va iqlim bilan bog‘liq ekstremal hodisalar bo‘yicha rasmiy arxiv yuritadi. Unda harorat, shamol, bosim, yong‘inlar, do‘l, tornado va chaqmoq kabi hodisalar bo‘yicha dunyo, mintaqaviy va yarimshar rekordlari saqlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda quroq ko‘rpa yig‘ish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatilgani haqida yozgandi.

Shuningdek