
Chorvoq suv ombori hududida Ozarbayjonning Sea Breeze kompaniyasi tomonidan rejalashtirilayotgan kurort qurilishi boʻyicha hukumat tomonidan qatʼiy talablardan iborat hujjat tayyorlandi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev maʼlum qildi.
Soʻnggi oylarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlgan ushbu loyiha Toshkent shahri uchun ichimlik suvi manbai boʻlgan Chorvoq va Chirchiq daryolarining ekologik holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi bilan tanqid ostiga olingan edi.
Yangi talablarga koʻra, Chorvoq yoki Chirchiqqa bir tomchi suv tushishi holatining oʻziyoq loyiha toʻxtatilishiga olib keladi. Hukumat qarorida bu qatʼiy belgilangan: qoidalar buzilgan taqdirda, qurilish darhol toʻxtatiladi, investitsiya shartnomasi bekor qilinadi va yer maydoni davlat tasarrufiga qaytariladi.
Loyihaning suv taʼminoti boʻyicha ham alohida talablar mavjud. Investor barcha ehtiyojlarni qamrab oladigan yopiq suv aylanish tizimini oʻzi yaratadi, suvni qayta ishlaydi va faqat oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadi. Bu boradagi barcha xarajatlar toʻliq investor zimmasiga yuklatilgan.
Shuningdek, Bosh prokuratura kurort qurilishi davomida barcha shaharsizlik va ekologik meʼyorlarga qatʼiy amal qilinishini nazorat qiladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura loyiha konsepsiyasidan tortib, obyektlarning foydalanishga topshirilishigacha boʻlgan barcha bosqichlarda shaffoflik va qonuniylikni taʼminlashga masʼul etib belgilangan.
Ma’lumot uchun, 2024-yil 16-dekabr kuni Emin Agalarov Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilishi rejalashtirilgan Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazi loyihasini prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdi.
Loyihaning umumiy qiymati dastlab $7–10 milliard deb baholangan. 2025-yil iyul oyi boshida Emin Agalarov loyihaning yangilangan master-rejasini prezidentga taqdim etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda Sea Breeze savdo ofislari paydo boʻlgani haqida xabar bergan edi.