Eron AQShdan havo hujumlari uchun tovon puli talab qildi

eʼlon qilindi
Bu talab yadroviy muzokaralarni davom ettirishdagi asosiy shartlardan biri hisoblanadi
Eron AQShdan havo hujumlari uchun tovon puli talab qildi. Foto: AP / Baz Ratner

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQShdan iyun oyida yuz bergan 12 kunlik urush davomida yetkazilgan zararlar uchun tovon puli to‘lashni talab qildi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, bu talab yadroviy muzokaralarni davom ettirishdagi asosiy shartlardan biri hisoblanadi.

Araqchi nashrga bergan intervyusida 12 kunlik urushda mamlakatga yetkazilgan moddiy va insoniy zararni AQSh qoplab berishi kerakligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu talab muzokaralarni qayta boshlash uchun muhim omil hisoblanadi.

«Ular (AQSh – tah.) muzokaralar davom etayotgan paytda bizga nima sababdan hujum qilganini tushuntirib berishi kerak. Shuningdek, bu holat boshqa takrorlanmasligiga kafolat berilishi va yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lanishi lozim», – deydi Araqchi.

Vazirning ta’kidlashicha, muzokaralarga qaytish imkoniyati mavjud. Biroq AQSh bu safar Eron hukumatiga o‘zaro manfaatli kelishuvga chin dildan intilayotganini isbotlashi kerak.

Araqchi, shuningdek, Eronning yadroviy dasturini harbiy yo‘l bilan hal qilish mumkin emasligini aytdi. Uning fikricha, Eron ichkarisida muzokaralarga nisbatan salbiy munosabat kuchaygan bo‘lsa-da, diplomatik yechim hali ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat o‘rtasidagi 12 kunlik urush Isroil tomonidan Eronning yadroviy va harbiy obyektlariga uyushtirilgan havo hujumlaridan so‘ng boshlangan edi. Bu hujumlar AQSh va Eron o‘rtasida rejalashtirilgan muzokaralar arafasida yuz berdi. Isroil bu hujumlarni Tehron yadroviy qurol yaratishga yaqinlashmoqda degan xavf bilan izohlagan.

Shuningdek