Avto

Leapmotor B10 Yevropada sotuvga chiqdi

Narxi 29,9 ming yevro
Leapmotor
Leapmotor B10 elektromobili / Foto: Arena EV

Xitoyning Leapmotor kompaniyasi tomonidan Leapmotor B10 elektromobili Yevropada rasman savdoga chiqarildi. C-segmentdagi bu modelning boshlang‘ich narxi atigi 29,9 ming yevroni tashkil qilmoqda.

B10 LEAP3.5 arxitekturasi asosida yaratilgan. U orqa g‘ildiraklarga 218 ot kuchi va 240 Nm aylanish momenti uzatuvchi elektromotor bilan jihozlangan. 0 dan 100 km/soatgacha tezlashuvi 8 soniyadan kam, maksimal tezligi esa 170 km/soat.

Foto: Leapmotor

Model ikki xil akkumulyator variantini taklif etadi. 56,2 kVt/soatli akkumulyator WLTP bo‘yicha 361 km masofani bosib o‘tadi. Katta — 67,1 kVt/soatli akkumulyator esa 434 kmgacha yurish imkonini beradi. Uy sharoitida 11 kVt quvvat bilan zaryadlanadi, tezkor DC zaryadlashda esa 30 foizdan 80 foizgacha atigi 20 daqiqada to‘ladi.

Mashina o‘lchamlari 4 515×1 885×1 655 mm. G‘ildirak bazasi 2 735 mm. Salon kengligi bilan ajralib turadi: oldi qismida 1 027 mm, orqa o‘rindiqlarda esa 1 005 mm bosh usti bo‘shlig‘i mavjud. Salonda 22 ta qulay saqlash joyi mavjud.

Foto: Leapmotor

Ichki panelda 14,6 dyuymli, 2,5K aniqlikdagi ekran joylashgan. U Snapdragon 8155 chipi bilan ishlaydi va LEAP OS 4.0 Plus tizimi asosida ishlaydi. Apple CarPlay va Android Auto funksiyalari esa 2025-yil dekabrida OTA yangilanish orqali qo‘shiladi.

Xavfsizlik bo‘yicha B10 besh yulduzli Euro NCAP bahosiga da’vogarlik qiladi. U kuchli po‘lat karkas, 360° kamera va 17 ta ADAS tizimi bilan jihozlangan.

Model LIFE va DESIGN nomli ikki komplektatsiyada taqdim etiladi. LIFE versiyasi panoramali tom, 18 dyuymli g‘ildiraklar, ADAS tizimlari va 360° kamera bilan keladi. DESIGN versiyasi esa ECO charm o‘rindiqlar, yoritiluvchi salon va isitiluvchi, sovitiluvchi elektr o‘rindiqlar bilan boyitilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor B01 elektromobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.