Yangiliklar

Microsoft 4 trln dollarlik tarixiy bozor qiymatiga erishdi

Kompaniya aksiyalari 4,5 foizga o‘sdi
Microsoft
Foto: Wired

Microsoft kompaniyasi birinchi marta $4 trillionlik bozor qiymatiga erishdi. Bu haqda Reuters nashri xabar qildi.

Kompaniyaning choraklik moliyaviy hisobotida sun’iy intellekt (SI) xizmatlari, xususan, Copilot texnologiyasi va Azure bulut platformasi orqali sezilarli daromad o‘sishi qayd etildi. Faqat birinchi chorak uchun kapital xarajatlar miqdori $30 milliardga baholanmoqda. Bu Microsoft tarixidagi eng katta ko‘rsatkichlardan biridir.

Microsoft aksiyalari yangilik fonida 4,5 foizga oshdi. Kompaniyaning Copilot SI tizimi hozirda 100 milliondan ortiq foydalanuvchilar tomonidan faol ishlatilmoqda.

Shuningdek, Meta, Amazon va Alphabet ham SI bo‘yicha faol investitsiyalar kiritmoqda. Meta kompaniyasi reklama yo‘nalishidagi SI yutuqlari orqali kutilganidan yuqori daromad qayd etdi, Amazon va Nvidia aksiyalari esa yuqorilashda davom etmoqda.

Nvidia bozordagi yetakchi chip yetkazib beruvchi sifatida $4,4 trillionlik qiymat bilan barcha raqobatchilaridan oldinda bormoqda. Microsoft ilk bor $1 trillionlik marrani 2019-yilda zabt etgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia dunyoda bozor qiymati $4 trillionga yetgan ilk kompaniyaga aylangani haqida yozgandi.